Bosniya va Gersegovinada favqulodda holat e’lon qilindi
Bosniya va Gersegovinada suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar soni ortishi mumkin, bedarak yo‘qolganlarni qidirish davom etmoqda. Qo‘shni davlatlarda ham vaziyat og‘irlashmoqda, deya xabar beradi Euronews.
Bosniya va Gersegovina hukumati kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lganidan keyin favqulodda holat e’lon qildi.
Mamlakatning markazi va janubidagi bir qancha shahar va qishloqlar shiddatli tabiiy ofatdan jabr ko‘rdi.
Qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolganlarni qidirishda davom etmoqda va ko‘ngillilarni yordamga chaqirgan.
Yo‘llar yopilgan, uylar elektr ta’minotisiz qolgan.
Yablanisa va Kiselyak shaharlarida elektr yo‘qligi va aloqa uzilishi qutqaruv ishlarini yanada murakkablashtirdi.
Bosniya va Gersegovina mudofaa vaziri Zukan Xelez jabrlangan hududlarga yordam ko‘rsatish uchun qurolli kuchlarni joylashtirishni buyurdi.
Qo‘shni Xorvatiyada kuchli yomg‘ir va kuchli shamol bir qancha yo‘llarni yopib qo‘ydi.
Poytaxt Zagrebda Sava daryosi qirg‘oqlaridan toshib ketishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Sloveniyada ham xuddi shunday holat kuzatilgan, u yerda kuchli yomg‘ir tufayli uchta daryo toshib ketgan.
Kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan suv toshqinlari Chernogoriyaga ham ta’sir ko‘rsatdi, u yerda bir qancha qishloqlar kommunikasiyadan uzildi, yo‘llar va uylar suv ostida qoldi.