Britaniya nega O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalariga sanksiyalar joriy qildi?
Britaniya sanksiyalar ro‘yxatini yangilab, O‘zbekiston va Qozog‘istonning bir qancha kompaniyalarini qo‘shib oldi. Jumladan, ro‘yxatga StanexGroup xoldingi tarkibiga kiruvchi Uzstanex LLP kompaniyasi kiritildi. Ushbu kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalar sotish va sozlash bilan shug‘ullanadi.
"Kompaniya Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligini buzishga qaratilgan harakatlarda ishtirok etgan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgan yoki Ukrainani beqarorlashtirishga yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgan", deyiladi kompaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini asoslovchi bayonotda.
Bundan tashqari, xuddi shunday asoslar bilan Britaniya Qozog‘istonning CPS Energy LLP, TOO TawKZ va Rabadaziya LLP kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar kiritdi.
Bundan bir hafta oldin AQSh ham Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. AQSh G‘aznachilik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniya keyinchalik Rossiyaga yetkazib berish uchun Xitoyning Shanghai Winsun Imp and Exp Co Ltd kompaniyasiga Yevropadan uskunalar jo‘natilishining nominal oluvchisi sifatida ishlagan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga sanoat korxonalari, avtomatik boshqaruv tizimlari va elektr jihozlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi The Elite Investment Group kompaniyasi ham kiritilgan. 2024 yilning mart-may oylari orasida ushbu kompaniya Rossiyaga taxminan 190 ming dollarlik mahsulot, jumladan, elektr transformatorlarini yetkazib bergan. Ushbu yetkazib berilganlar avvalroq AQSh sanksiyalari ostida qolgan Rossiyaning GTS Grupp kompaniyasi uchun mo‘ljallangani iddao qilinmoqda.