Braziliya prezidenti kasalxonaga yotqizildi. U 10 kundan beri hiqichoq bilan kurashadi

Braziliya prezidenti kasalxonaga yotqizildi. U 10 kundan beri hiqichoq bilan kurashadi

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru deyarli ikki hafta davom etgan surunkali hiqichoq tufayli 14 iyul kuni kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga tayanib, Associated Press xabar berdi.

Avvaliga Bolsonaru Braziliya shahridagi harbiy kasalxonaga yotqizilgan. U o‘zini yaxshi his qilayotgani, shifoxonada yoki uyda 24 soatdan 48 soatgacha shifokorlar nazorati ostida bo‘lishi kerakligi aytilgan.

Prezident devonining so‘nggi xabarlariga ko‘ra, Jair Bolsonaruga shoshilinch operasiya zarur bo‘lishi mumkin.

Bolsonaruni 2018 yilda operasiya qilgan jarroh Antonio Luis Masedo bemorida ichak tugilishi bo‘lishi mumkin deb gumon qilmoqda.

Siyosatchining o‘g‘li Flavioning aytishicha, prezident ilgari «oshqozonidan chiqqan suyuqlik nafas yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun» intubasiya qilingan.

Shifokor, Bolsonaru qo‘shimcha tahlillar topshirishi kerak, degan qarorga keldi, shu asosda uning shoshilinch operasiyaga muhtoj yoki muhtoj emasligi aniqlanadi. Buning uchun Bolsonaru San-Paulu kasalxonasiga ko‘chirildi.

66 yoshli Jair Bolsonaru so‘nggi haftalarda suhbatlar chog‘ida bir necha bor qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Uning o‘zi buni tinimsiz hiqichoqlar bilan izohladi. 7 iyul kuni radiodagi chiqishi paytida u tinglovchilardan uzr so‘radi va besh kundan beri hiqichoq tutayotganini aytdi: «Meni kuniga 24 soat hiqichoq tutyapti». U buni ba’zi dorilarni qabul qilish bilan bog‘ladi. 8 iyul kuni Facebook’dagi translyasiya davomida Bolsonaru yana hiqichoq uchun uzr so‘radi.

AP va Reuters ta’kidlashicha, 2018 yilda saylovoldi kampaniyasi paytida Jair Bolsonaruga pichoq bilan hujum qilingan. U oshqozonidan yaralangan, ichaklariga zarar yetgan. Shundan so‘ng Bolsonaru bir nechta operasiyalarni boshdan o‘tkazgan, ularning ayrimlari hujum bilan bog‘liq bo‘lmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!