Bosh prokuratura 69 nafar harbiyga nisbatan nohaqlik qilinganini ta’kidladi

Bosh prokuratura 69 nafar harbiyga nisbatan nohaqlik qilinganini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari hamda ular oila a’zolarining ijtimoiy muhofazasiga doir qonun hujjatlari  ijrosini amalda aniq va bir xilda ta’minlash Harbiy prokuratura organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik ijrosi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Qorovul qo‘shinlari, Milliy gvardiya tizimidagi harbiy qism va muassasalar kesimida tahlil qilinganda, jami 69 nafar harbiy xizmatchilarning farzandlari tibbiy mehnat ekspertiza komissiyalari xulosalariga ko‘ra 1 va 2-guruh nogironi deb topilgan bo‘lsada, ulardan amaldagi qonunchilikka zid ravishda daromad solig‘i umumiy tartibda undirib kelinayotganligi aniqlandi.

Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil   29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi PF-5468-sonli Farmoniga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish belgilanib, ayrim toifadagi fuqarolarning mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolingan.

Mazkur tartib yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 380-moddasida o‘z aksini topib, unga ko‘ra bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki onaning daromadiga kamaytirilgan holda soliq solinishi nazarda tutilgan.

Mazkur toifadagi harbiy xizmatchilardan esa daromad solig‘i umumiy tartibda undirib kelinib, ularga soliq imtiyozi tadbiq etilmasdan, harbiy xizmatchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat hududida joylashgan barcha toifadagi qo‘mondonliklarga axborot xatlari kiritilib, nogiron farzandlari mavjud harbiy xizmatchilarga qonunda belgilangan soliq imtiyozlarini 2020 yil iyun oyidan tadbiq etilishi yo‘lga qo‘yildi hamda 69 nafar nogiron farzandni tarbiyalayotgan harbiy xizmatchilarning oxirgi oylik ish haqlaridan qonundagi imtiyoz qo‘llanilmasdan ortiqcha undirilgan jami 7 mln. so‘mdan ortiq daromad solig‘i qaytarilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shuningdek, soliq qonunchiligining mazkur normasi qo‘llanilmasligi oqibatida, 2019 yil 1 yanvar kunidan buyon mazkur toifadagi harbiy xizmatchilardan ortiqcha ushlab qolingan daromad solig‘ini qayta hisoblash hamda qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Yuqoridagi holatlar respublikamizning boshqa viloyatlari kesimida ham hududiy harbiy prokuraturalar tomonidan o‘rganilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!