Bolalarning taniqli shoiri Odil Abdurahmon vafot etdi

Bolalarning taniqli shoiri Odil Abdurahmon vafot etdi

Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalarning taniqli shoiri Odil Abdurahmon 80 yoshida vafot etdi.

Odil Abdurahmon (Odiljon Abdurahmonov) 1943 yil 22 fevralda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Ma’myrobod qishlog‘ida tavallud topgan. 1962-1969 yillarda Andijon davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1962-1965 yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1978 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Badiiy ijod bilan juda erta shug‘ullangan. Maktabning 9-sinfida o‘qiyotganda uning “Rozim” nomli ilk she’ri “G‘uncha” jurnalida bosilgan. Yosh shoir ijodiga o‘shanda “Yuqori hosil” gazetasida shoir Po‘lat Abdulla oq yo‘l tilagan edi.

Harbiy xizmatni o‘tayotgan 1965-1967 yillari shoirning bolalar hayotidan hikoya qiluvchi “Quvnoq bolalar”, “Salom, quyosh” to‘plamlari chop etilgan. Shundan so‘ng tez orada Abdulla Oripov, Vosit Sa’dulla, Qudrat Hikmat, Safar Barnoyev, Narimon Orifjonov kabi taniqli ijodkorlar nazariga tushadi.

Uning Rauf Tolib, Otayor, Sergey Makarov, Sergey Skachenkov singari bolalar shoirlari bilan do‘stlashuvi esa ijodida yangi bosqichlar bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Shundan keyin uning ketma-ket “Oyga remont tusharmish”, “Quvnoq bolalar”, “O‘zbeklar yurti”, “Miltiq otilmadi”, “Azim kichik armiyasining xazinasi”, “Shamol qanday yashaydi”, “Belanchak” kabi she’riy va nasriy to‘plamlari nashrdan chiqadi.

Adibning so‘nggi yillarda kattalar uchun bir qator nasriy asarlari nashr etildi. “Oshiqlarga o‘lim yo‘q” qissasi, “Urush va qismat”, “Sen mening qo‘shig‘imsan” romanlari shular jumlasidandir.

Odil Abdurahmon 2022 yilda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!