BMT O‘zbekiston va Xitoyning qo‘shma rezolyusiyasini ma’qulladi

BMT O‘zbekiston va Xitoyning qo‘shma rezolyusiyasini ma’qulladi

2024 yil 7 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida Bosh assambleya Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan «Xalqaro sivilizasiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni» deb nomlangan rezolyusiyani bir ovozdan ma’qulladi.

Rezolyusiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakatlar, shu jumladan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, BAA, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Rossiya Saudiya Arabistoni, Turkiya va Vengriya tomonidan hammualliflik qilgan.

Hujjat O‘zbekiston rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi (2023 yil) va SHHTning Samarqand sammitida (2022 yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning sa’y-harakatlarini safarbar qilish to‘g‘risida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi.

Hujjatda dunyoda diniy va madaniy xilma-xillik muhimligi e’tirof etilgan holda, barcha madaniyatlar va tamaddunlarning insoniyatni taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ijobiy qayd etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizasiyalar o‘rtasida bag‘rikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik rag‘batlantiriladi.

Rezolyusiyasida sivilizasiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o‘zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10 iyunni Xalqaro sivilizasiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!