Biz nega indamayapmiz? G‘aflat uyqusidan uyg‘onish vaqti kelmadimi?
29 yil. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni bir kam o‘ttiz “yosh”ni qarshilabdi. Bu vaqt ichida mamlakatimiz hayotida nimalar o‘zgarmadi deysiz.
21 oktyabr – "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan kun
To‘g‘ri, qonunning joylarda ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ammo... faqat 21 oktyabrni katta bayram sifatida har yili bir marta nishonlashdan u yog‘iga o‘tolmayapmiz.
Nazarimda, bugungi kunda oramizda sof o‘zbekcha gapiradiganlar kamayib ketgandek. Muloqot jarayonida rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarni ishlatmasdan gapirish o‘ta mushkul. Masalan, “Kiyimimni utyug qildim”, “Telefonimning zaryadi yo‘q”, “Keyingi ostanovkada tushaman” va hokazolar. Nega oddiy so‘zlashish jarayonida ham o‘z tilimiz bo‘lsa-da, boshqa tildan foydalanyapmiz? Yo‘q, men o‘zga tilni o‘rganish, o‘sha tilda muloqot qilishga qarshi emasman. Zamon shuni talab qiladi. Yurtdoshlarimiz kamida ikki yoki undan ko‘p xalqaro tilni bilishi tarafdoriman, biroq o‘z ona tiliga past nazarda qaralishiga qarshiman.
Mayli, bu alohida mavzu. Hozir esa 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga e’tiboringizni qaratmoqchiman. (Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrdagi 167-I-son “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.) Ushbu qonun bugungi kun talablariga javob beradimi? Ma’lumki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun 1995 yil qabul qilingan. Ammo u bugungi kun talablariga javob bermasligi inobatga olinib, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahrirda qabul qilish uchun Qonunchilik palatasiga muhokama uchun kiritilgan. Dolzarblik darajasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonundan qolishmaydigan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun esa faqat qog‘ozda ishlayapti, xolos.
Yozuvchilardan biri “Bizda millatni sevish, o‘zbek tilini himoya qilish va ardoqlash tushunchasi yo‘q. Bu borada yaponlardan o‘rganishimiz kerak”, degan edi kuyunib. Uning aytishicha, o‘g‘li farzandlari bilan Yaponiyada yashaydi. Yaponlar boshqa davlat vakillari bolalariga yapon tilini bepul o‘rgatar emish. Bir yapon ayol haftada ikki marta o‘g‘limning uyiga borib, nabiralarimga yapon tilidan saboq beradi. Hozirgi kunda ikki nabiram ham yapon maktabiga boradi. Mana, o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmat, deydi u. Darhaqiqat, o‘z ona tilini sevish yilda bir marta faqat til bayramidagina otashin nutq qilish, joylarda tadbirlar uyushtirish bilan belgilanmaydi.
Poytaxt ko‘chalari O‘zbekiston emas
Nafaqat poytaxt balki viloyat, tuman ko‘chalarida ham o‘zbek tilidagi nomlarni hadeganda uchratavermaysiz. Aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari nomlaridan tortib, oshxona-yu to‘yxonalargacha peshtoqidagi yozuvlar rus, ingliz yoki boshqa tilda bitiladigan bo‘ldi. Xorijiy davlat bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxona bo‘lsa-ku boshqa gap, ammo mahalliy tadbirkorlarimiz ham ajnabiy so‘zlarga mukkasidan ketgan. Ko‘chalarning nomi bir-biridan chiroyli: “Alisher Navoiy”, “Amir Temur”, “Maxtumquli”, “Shahrisabz”, “Do‘stlik”... Lekin shu ko‘chalardagi ayrim kafe, bar va hatto tashkilot, korxona nomlari ham o‘z tilimizda emas.
Bir necha oy oldin Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining hisoboti bo‘lib o‘tgan edi. unda qo‘mita raisi, shoir Iqboljon Mirzaaliyev davlat tili haqida kuyunib gapirgandi.
– Bizdek boqibeg‘am, o‘zini hurmat qilmaydigan xalq bo‘lmasa kerak, – dedi I.Mirzaaliyev. – Tilga e’tibor – bu juda og‘riqli masala. Unga yechim topilmasa, ikki yozuvlik (kirill va lotin), savodsizlik, o‘z tilini bilmaslik fojiasi davom etaveradi. O‘z tilimizni himoya qilaylik! Yo‘q, qo‘rqoqligimiz, beparvoligimiz sabab hamon davlat tiliga e’tibor sust. Hamon hukumatning ayrim qaror, farmonlari rus tilida. Nimaga? O‘zligini anglamaganlar shungacha olib keldi. Biz og‘izdagina o‘zimizga bekmiz, amalda esa... Bunda millatchilik qilish kerak emas, millatni sevish kerak! Shavkat Rahmon aytganidek, ichimizdagi xoinni o‘ldiradigan vaqt allaqachon kelgan. Qo‘mita ish rejasida joriy yil avgust-sentyabr oylarida «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Toshkent shahridagi ijrosi o‘rganildi. Tez orada xulosamizni bildiramiz.
Ming afsuski, idoralararo hujjatlar, ko‘chadagi afisha va turli shoxobcha nomlari ham o‘zga tilda. Davlat tili qachon ishlaydi o‘zi? Uning ijrosini kim nazorat qiladi? Nahotki, uni yangi tahrirda chiqarish yoki joylarda ijrosini nazorat qilishga ehtiyoj bo‘lmasa? Bor-da. Nega deysizmi, chunki uning joylardagi ijrosini biror-bir tuzilmaga yuklash kerak. Bugun esa o‘sha tuzilmani tuzish zarurati tug‘ilmoqda. Tilshunoslar fikricha, davlat tilining joylardagi ijrosini ta’minlash uchun qo‘mita, jamiyat yoki uyushma tuzish kerak. Buning uchun yuqoridagi Qonunni yangi tahrirda qabul qilib, uning nazoratini esa yangi tuzilma zimmasiga yuklash zarur. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, dramaturg Sharof Boshbekov ham unutilib borayotgan tilimiz haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga fikr qoldirdi. Unda aytilishicha:
– Rossiyada ijod ahli va ilm ziyolilari “Rus tilini himoya qilish jamiyati” degan norasmiy uyushma tuzgan emish. Rus tilini kimdan yoki nimadan himoya qilmoqchi ular? Ajnabiy so‘zlardan! Jonajon o‘zbek tilimizning hozirgi ahvolini ko‘rib beixtiyor bizga ham shunday uyushma zarurmikan, degan fikr keldi. Ahvol chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Axir o‘zbek tilimiz xorijiy so‘zlar dengizida cho‘kib ketyapti-ku! Tomoshabin bo‘lib turaveramizmi?! Ijodkor ziyolilar, ilm ahli va boshqalar ham shu maqsad yo‘lida birlashaylik! “O‘zbek tilini himoya qilish jamiyati” tuzib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aniq takliflar bilan chiqaylik. Ushbu jamiyatga barcha tilparvar insonlarni, O‘zbek tili va adabiyoti universitetini, yurtimizdagi hamma gazeta va jurnal tahririyatlarini, O‘zbekiston teleradiokompaniyasini, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasini, tilchi-olimlarni jalb qilishimiz kerak.
Atoqli adibimiz Abdulla Qahhor “Nega ko‘chada qoida buzgan kishiga hushtak chalinadi-yu, til buzganga hech kim indamaydi” degan edi. Siz, biz nega indamayapmiz? Nega Ona tilim, jonu dilim deymiz-u uni onamizdek e’zozlab, himoya qilmaymiz? Nega uyimizni nohaq buzib tashlashsa, tegishli joyga shikoyat qilamiz-u, o‘zbek tilining boshqa tillar tomonidan siqib chiqarilishiga loqaydmiz? G‘aflat uyqusidan uyg‘onish vaqti kelmadimi!
Manba: uza.uz
