Berlinda Germaniya-O‘zbekiston II xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazildi

Berlinda Germaniya-O‘zbekiston II xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazildi

Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasida Germaniya-O‘zbekiston II xalqaro tibbiyot forumi doirasida tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va "Kox-Avisenna" Germaniya-O‘zbekiston tibbiyot jamiyati (DUMGKA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi, Germaniya Federal sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati va mas’ullari va oliy o‘quv yurtlari, xususiy klinikalar, yirik kompaniyalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov va "Kox-Avisenna" Germaniya-O‘zbekiston tibbiyot jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari professor Aksel Rixter tadbir avvalidagi nutqida mehmonlarni qutladilar.

Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil 2-3 may kunlari Germaniyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifidan so‘ng 26-27 mayda Samarqandda tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston-Germaniya xalqaro tibbiyot forumi soha bo‘yicha uzviy hamkorlikka tamal toshi qo‘yganini ta’kidladi. Shuningdek, elchi, Berlin shahrida o‘tkazilayotgan ikkinchi forum ushbu muloqot platformasining davomiyligini ta’minlash, aniq tadbir va loyihalarni amalga oshirish orqali ikki tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishning istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov, Germaniya Federal sog‘liqni saqlash vazirligi davlat kotibi Tomas Shteffen, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi prezidiumi a’zosi, professor Klaus Mangold o‘z chiqishlarida O‘zbekiston-Germaniya II xalqaro tibbiyot forumi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi barobarida sog‘liqni saqlash sohasidagi umumiy ustuvor vazifalar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni belgilash va tibbiyot muassasalari o‘rtasida aniq kelishuvlarga erishish imkoniyatini yaratishini qayd etdilar.

Bundan tashqari, onkologiya, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiyot xodimlari - hamshira va feldsherlarni Germaniyaga ishga jalb qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishi qayd etildi.

Tadbir so‘nggida tashkilotchilar O‘zbekiston-Germaniya II xalqaro tibbiyot forumi ishiga muvaffaqiyat tiladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!