Baxtli tasodif: saratonga chalingan bemor shizofreniyadan xalos bo‘ldi

Baxtli tasodif: saratonga chalingan bemor shizofreniyadan xalos bo‘ldi

Yaponiyalik psixiatrlar shizofreniya bilan og‘rigan bemorning mutlaqo tasodifan – suyak iligini ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilan darddan forig‘ bo‘lganini ma’lum qilishdi. Bu haqda Frontiers in Psychiatry ilmiy jurnaliga asoslangan holda VVS xabar bermoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, N. ismli bemorda 24 yoshligida gallyusinasiyalar boshlangan. Unga fikrlari miyasidan tashqariga chiqayotandek va boshqa odamlar bu fikrlarni ko‘rayotgandek tuyulgan. Film tomosha qilganida esa aktyorlar u bilan aloqa o‘rnatishga uringan holda turli maxfiy belgilarni uzatayotgandek bo‘lavergan. Bemor asabiy bo‘lib qolgan, uyqusizlikka uchragan. 

Psixiatr Suyosi Miyaoka  N.ning paranoidal shizofreniyaga uchraganini aniqlab, unga neyroleptiklar bilan davolanishni tayinlagan. Biroq dorilar yordam bermadi: kasallik dorilarga chidamli bo‘lib chiqdi.

Bir yildan keyin bemorning ahvoli og‘irlashdi. U tez charchaydigan, nafasi bo‘g‘iladigan, bezgak tutadigan bo‘lib qoldi. Navbatdagi tekshiruvda N. miyeloid leykoz – qon saratonining bir turiga chalingani aniqlandi. Uning hayotini qutqarib qolish maqsadida suyak iligini ko‘chirib o‘tkazish kerak edi. 

Donor topildi va transplantasiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Shundan so‘ng kutilmagan holat kelib chiqdi: yigitni gallyusinasiyalar bezovta qilmay qo‘ydi, shizofreniya butkul yo‘qoldi.

Avvaliga vrachlar buni vaqtinchalik holat va kasallik qaytalanadi deb o‘ylashdi. Oradan bir necha yil o‘tdi. Doktor Miyaokaning aytishicha, N. hech qanday dori qabul qilmayotgan bo‘lsa-da, unda shizofreniyaning hech qanday belgilari kuzatilmayapti.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, suyak iligining ko‘chirib o‘tkazilishi bemorning immun tizimini yangilaydi. Kimyoterapiya eski limfositlarni yo‘q qiladi, yangilari esa endi donor organda shakllanadi.

Albatta, bitta holat bilan darrov xulosa chiqarish yaramaydi. Qolaversa, N.ga u jarrohlik amaliyotidan oldin va keyin qabul qilgan preparatlar yordam bergan bo‘lishi mumkin. Biroq uning tuzalishi psixik holatining immun tizimi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Qiziq, bosh miya va immun tizimi o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bormi? Aytish kerakki, bu savolga “ha” deb javob berayotgan tadqiqotchilar soni tobora ortmoqda.

Bu borada ilk kuzatuvlar 100 yildan ortiq vaqt avval amalga oshirilgan. XIX asr oxirlarida shifokorlar psixiatriya klinikalaridagi bemorlarda shamollash yoki gripp, tana haroratining ko‘tarilishidan keyin psixik holatning yaxshilanganini sezib qolishgan. 

Avstriyalik doktor Yulius Vagner-Yauregg hatto yangi usulni o‘ylab topgan: ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar kuchli isitmalashi uchun ularga bezgakni yuqtirgan. Oqibatda ayrim bemorlar vafot etgan, ammo ko‘chiligi ruhiy kasallikdan xalos bo‘lgan. Mazkur yangiligi uchun avstriyalik doktor tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

O‘ta qaltis bo‘lgan sababli bezgakli terapiyani 1950-yillarda to‘xtatishgan. Biroq ikki yil muqaddam ruhiy kasallikka chalingan bemorning tana harorati keskin ko‘tarilganidan keyin kasallikdan qutulgani qayd etildi.

Ammo aks holatlar ham uchrab turadi. Masalan, Niderlandiyada leykemiyaga chalingan bemorga shizofreniya bilan og‘riydigan akasining suyak iligi ko‘chirib o‘tkazildi. U leykemiyadan tuzaldi, lekin endi shizofreniyaga yo‘liqdi.

Bunday holatlar juda kam, lekin olimlar ruhiy kasalliklar va immun tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni faol ravishda o‘rganishmoqda.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!