BAA delegasiyasi Samarqanddagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi

BAA delegasiyasi Samarqanddagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi

Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy boshchiligidagi BAA delegasiyasi Samarqanddagi bir qancha tarixiy maskanlar, qadamjolarga tashrif buyurdi.

Xususan, delegasiya vakillari Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir va Xo‘ja Doniyor maqbaralari hamda Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Shuningdek, Amir Temur davri va maqbarasi tarixi, Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat rivojiga qaratilgan e’tibor haqida ma’lumot berildi.

Konigil turizm qishlog‘i, ayniqsa, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerdagi uzoq yillik tarixdan hikoya qiluvchi buyumlar, urf-odatlar, qadriyatlar, milliy liboslar va taomlar delegasiya vakillarida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, mehmonlar "Afrosiyob" muzeyi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, "Silk Road Samarkand" turizm markazida ham bo‘lishdi.

BAA delegasiyasining qadimiy va navqiron Samarqandga tashrifi muhtasham Registon majmuasidagi sayohat bilan yakunlandi.

"O‘zbekistonga tashrifimiz unutilmas bo‘ldi. Sayohatimizni tarixiy Buxoro shahrida boshladik, keyin Samarqandni ziyorat qildik va bu yerda umumiy tariximizni namoyish qiluvchi arxeologik ko‘rgazmaning ochilish marosimida qatnashdik, — dedi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy. — Men barchani ushbu ajoyib mamlakatda sayohat qilishga chaqiraman. O‘zbek xalqi bilan uchrashish, tanishish juda ajoyib. Umid qilamanki, yurtingizga yana ko‘p marta kelish nasib qiladi".

Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi barchani Samarqandda ochilgan ko‘rgazmaga taklif qildi.

Ma’lumot uchun, delegasiya O‘zbekistonga tashrifi davomida Buxoroda ham bo‘lib, bir qancha tarixiy qadamjolarni
ziyorat qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!