Livanda Jozef Aun Prezident etib saylandi
Livan parlamenti armiya boshlig‘i Jozef Aunni davlat rahbari etib sayladi, deb yozdi “Al-Arabiya” telekanali.
Mamlakat hokimiyati tizimida prezidentlik lavozimi 2022 yil oktyabrda Mishel Aunning vakolati tugagandan beri bo‘sh edi, chunki fraksiyalar 128 o‘rinli parlamentda yetarli ovoz to‘plashga qodir nomzod masalasida kelisha olmagan.
Spiker Nabih Berrining so‘zlariga ko‘ra, Jozef birinchi turda g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 86 ovozn yig‘a olmadi. Ikkinchi turda “Hizbulloh” va uning shia ittifoqchisi – “Amal” harakati qonunchilari uni qo‘llab-quvvatlagach, 99 ovoz bilan belgilangan chegaradan o‘tdi.
Aunning saylanishi Mishel lavozimini tark etgandan keyin na davlat rahbari, na to‘liq vakolatli Vazirlar Mahkamasi shakllanmagan mamlakatda davlat institutlarini tiklash yo‘lidagi birinchi qadamdir.
Iqtisodiyoti 2019 yildagi vayronkor moliyaviy inqirozdan hanuzgacha sezilarli rivojlanmagan Livan, Jahon banki hisob-kitobicha, mamlakatga 8,5 milliard dollarga tushgan urushdan tiklanish uchun xalqaro yordamga juda muhtoj.
Hukumat tizimi yangi Prezidentdan yangi Vazirlar Mahkamasini shakllantirish uchun sunniy Bosh vazir tayinlash uchun qonunchilar bilan maslahatlashishini talab qiladi. Bu jarayon ko‘pincha fraksiyalar vazirlar o‘rnini almashishi bilan cho‘zilib ketadi.
Jozef Aun noyabrda Vashington va Parij vositachiligida “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini mustahkamlashda faollik ko‘rsatdi. Endi Isroil va “Hizbulloh” kuchlari olib chiqib ketilayotgani sababli, mamlakat janubiga Livan harbiylari joylashtiriladi.
60 yoshli Aun 2017 yildan buyon AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Livan armiyasiga qo‘mondonlik qilib keladi. Uning rahbarligida mamlakat harbiylariga muntazam ravishda Amerika yordami yetib kelmoqda. Bu “Hizbulloh” ta’sirini cheklash va davlat institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘p yillik siyosatning bir qismidir.