Armaniston Mudofaa vazirligi armiya siyosatdan tashqarida ekanini ma’lum qildi

Armaniston Mudofaa vazirligi armiya siyosatdan tashqarida ekanini ma’lum qildi

Armaniston Mudofaa vazirligi rahbariyati harbiylarni mamlakatda sodir bo‘layotgan siyosiy jarayonlarga aralashtirmaslikni talab qildi. Bu haqda muassasa matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Biz Qurolli Kuchlar nomidan bayonot berishdan tiyilishni, armiyani siyosiy jarayonlarga jalb etmaslikni, mamlakat xavfsizligini shaxsiy siyosiy manfaatlarga bo‘ysundirmaslikni talab qilamiz», — deyiladi xabarda.

Idorada ta’kidlashlaricha, Armaniston Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlari «siyosatdan tashqarida» hamda mudofaa sohasini isloh qilishga va modernizasiya qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni davom ettirish niyatida.

Matbuot xizmatida qayd etishlaricha, Qurolli Kuchlar mamlakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifalarini to‘liq mas’uliyat bilan bajarmoqda va siyosiy jarayonlarga qaramay, o‘z ishini davom ettirmoqda.

Erevandagi norozilik namoyishlari bir necha kunlardan buyon davom etmoqda. Ular muxolifat vakillari tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilmoqda.

23 fevral kuni Armaniston bosh vaziri 1in.am kanaliga bergan intervyusida 2020 yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro paytida Yerevan qo‘llagan «Iskander» raketalari «portlamagan yoki 10 foiz qismigina portlagan»ini aytgan. Yerevan Today nashri jurnalistlari Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryandan ushbu bayonotga izoh berishni so‘raganida, u uzoq kulgan va «bo‘lishi mumkin emas» deb javob bergan. Shundan keyin u Nikol Pashinyanning taklifiga binoan ishdan bo‘shatilgan.

Bu voqeadan keyin Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan va hukumatning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qildi. Bayonotga imzo chekkan 40 nafar yuqori martabali harbiy xizmatchining fikricha, Xachatryan «yuzaki o‘ylangan va asossiz sabablarga ko‘ra» ishdan bo‘shatilgan.

Nikol Pashinyan harbiylarning bayonotiga javoban Facebook orqali mazkur bayonotni «harbiy to‘ntarishga urinish» deb hisoblayotganini ma’lum qildi va o‘z tarafdorlarini namoyishga chiqishga chaqirdi. Pashinyan, shuningdek, harbiylar bayonotiga imzo chekkan Bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyanni ham lavozimidan ozod qilganini aytdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!