AQSh sanksiyalari tufayli Rossiya neftining narxi arzonlashdimi?
"Rossiyaning asosiy eksport nefti bo‘lgan Urals markali neft narxi barreliga taxminan 34 dollargacha pasaydi. Bu AQSh tomonidan ushbu sohadagi eng yirik kompaniyalar – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida sodir bo‘ldi", deya yozmoqda Bloomberg agentligi.
Rossiyaning Boltiq dengizidagi portlardan yetkazib berish sharti bilan Urals nefti barrelini 34,82 dollarga, Qora dengizdagi portlardan esa 33,17 dollarga sotib olish mumkin bo‘lgan. Taqqoslash uchun, shu kuni xalqaro etalon hisoblanuvchi Brent nefti narxi 61 dollarni tashkil etgan. Bloomberg'ning qayd etishicha, bir yil davomida Brent narxi Urals'ga nisbatan ancha kam pasaygan, bu esa sanksiyalar ta’sirini ko‘rsatadi.
"Hozirda Rossiyadan jo‘natilayotgan Urals neftiga berilayotgan chegirma o‘rtacha hisobda barreliga 27 dollarni tashkil etmoqda. Neft Hindistonga yetib borgach, chegirma taxminan 7,5 dollargacha qisqaradi. Rossiya neftining juda arzon narxlari ayrim neftni qayta ishlash zavodlarini sanksiyalarga e’tibor bermasdan uni sotib olishga undamoqda", deyiladi Bloomberg maqolasida.
Rossiyaning neft qazib oluvchi kompaniyalari “Lukoyl”, “Rosneft” va ularning 34 ta sho‘ba korxonasiga joriy yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirayotgani fonida AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar joriy etilgandi . AQSh hukumati bu qarorni “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘qligi” bilan izohlagan edi.
