«Angry Birds» o‘yini asoschisi O‘zbekistonda

«Angry Birds» o‘yini asoschisi  O‘zbekistonda

8-14 aprel kunlari Finlyandiyaning ta’lim sohasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan bir qator kompaniya rahbarlari va vakillaridan iborat delegasiya yurtimizga tashrif buyurishadi. 

 Delegasiya tarkibidan:

• «FinEst Bay Area» kompaniyasi va «AngryBirds» o‘yini asoschisi Piter Vesterbaka, 

• «Finest Future» kompaniyasi hammuassisi Tuomas Tiilikaynen,

• «Edunation Finland» kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen, 

• «Skillgrower» kompaniyasi asoschisi Pasi Savola va «PK Safety and Rescue» kompaniyasi bosh direktori Pertti Korteyarvi kabilar o‘rin olgan.

Etti kun davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyat hokimliklari hamda ta’lim tizimi mutasaddilari bilan uchrashuvlarda talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, matematika va fin tilini o‘qitish bo‘yicha loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borish hamda memorandumlar imzolash rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, rejaga o‘zbekistonlik yoshlar bilan «Start-up» loyihalari bo‘yicha uchrashuv, umumta’lim maktablariga va bir qator oliy ta’lim muassasalariga tashrif ham kiritilgan.

Tashrif yakunida «O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorlik yo‘nalishlarining istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum tashkil etiladi. 

Unda xorijiy ekspertlar bilan o‘zaro tajriba almashish hamda tashrif davomida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!