Andijonda o‘smir yigitni do‘pposlagan 43 yoshli erkak barchadan kechirim so‘radi

Andijonda o‘smir yigitni do‘pposlagan 43 yoshli erkak barchadan kechirim so‘radi

Andijon viloyati Shahrixon tumanida 10 mart kuni 43 yoshli erkak o‘smir yigitni do‘pposlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur erkak qilmishi uchun barchadan kechirim so‘radi.

“Mullavoy” mahallasida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan T.L. ukasining farzandi — 2010 yilda tug‘ilgan jiyani A.X. fuqaro M.S. bilan urishganidan xabar topgan. Shundan so‘ng erkak M.S. ishlaydigan do‘konga borib, unga tan jarohati yetkazgan. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi tuman prokuraturasi, ichki ishlar idoralari tomonidan o‘rganilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sudda ayblanuvchi qilgan ishidan pushaymon ekanligi, mulohazasizlik qilganini ta’kidladi. Qilgan ishi uchun mahalla ahlidan, bolaning oila a’zolaridan kechirim so‘radi.

“To‘g‘ri, men qiziqqonlik qilib, bolalar o‘rtasidagi janjal uchun Muhammadazizni urib, katta xato qildim. Buning uchun undan, onasidan, butun mahalladoshlarimdan uzr so‘rayman”, — deydi u.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili, ya’ni onasi farzandining davolanishiga ketgan barcha sarf-xarajatlar L.T. tomonidan qoplab berilgani, u qilgan ishi uchun pushaymonligi va kechirim so‘ragani, qaramog‘ida 4 nafar farzandi borligi, mahalladoshlarining fikr-mulohazalarini hisobga olib, yarashish to‘g‘risidagi taklifga rozilik bildirdi.

Sud jarayonida tomonlar o‘zaro kelishib, yarashib oldi. Sayyor sud majlisida tomonlarning yarashganidan kelib chiqib, jinoyat ishi tugatildi va tegishli hukm chiqarildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!