Amerika siyosati tarixidagi eng buyuk firibgarlik

Amerika siyosati tarixidagi eng buyuk firibgarlik

AQSh prezidenti Donald Tramp 4 dekabrga belgilangan impichment bo‘yicha eshituvlarda ishtirok etmaydi.

Bu boradagi maktubni Oq uy yuridik maslahatchisi Pet Chipollone AQSh Kongressi Vakillar palatasining sud qo‘mitasi raisi Jerrold Nadlerga yubordi, deyiladi “CNN” xabarida.

“Guvohlar ismi aytilmagunga qadar, shuningdek sud qo‘mitasi prezidentga nisbatan adolatli jarayon ta’minlanishi noaniqligicha qolayotgani tufayli biz eshituvlarda ishtirok eta olmaymiz. Hozirgi vaziyatda chorshanba kungi eshituvlarda ishtirok etmoqchi emasmiz“, deyiladi Chipollone maktubida.

Maktubda qayd etilishicha, sud qo‘mitasining majlisi Tramp Londonda NATO sammitida ishtirok etayotgan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi. Chipollonening bayonotiga ko‘ra, demokratlar “ataylab“ shu sanani tanlashgan.

Ma’lumot o‘rnida, Donald Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilgani impichmentga sabab bo‘lmoqda.

Tramp Ukraina prezidentiga go‘yoki o‘zining siyosiy raqibi Jo Baydenga nisbatan Ukrainadagi tergov harakatlari tiklanishi yuzasidan bosim o‘tkazgan.

Sud qo‘mitasining 4 dekabr kungi majlisida Trampga impichment e’lon qilish uchun konstitusiyaviy asoslar bor yoki yo‘qligi jumladan, uning xatti-harakatlari AQSh Konstitusiyasida belgilab qo‘yilgan jinoyatlarga mos kelish yoki kelmasligi muhokama qilinadi.

Buning uchun Kongressga yuristlar, konstitusion huquq bo‘yicha ekspertlar taklif qilingan.

Tramp demokratlar tomonidan qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor etib, o‘ziga nisbatan joriy qilinayotgan impichment jarayonini “Amerika siyosati tarixidagi eng buyuk firibgarlik“ deya ta’riflamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!