Alisher Navoiyning "Xamsa" asari arab tiliga tarjima qilinadi
Alisher Navoiyning "Xamsa" asari arab tiliga tarjima qilinadi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida Yunus Emre nomidagi Turk madaniyati markazi direktori Emin Boyraz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Uchrashuvda umumturkiy madaniyatni Misrda va boshqa arab davlatlarida targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Alisher Navoiy to‘g‘risida arab dunyosida ma’lumotlar nihoyatda kamligini qayd etishdi. Shu paytga qadar turk mumtoz adabiyoti durdonalari, g‘azal va ruboiylari arab tiliga yetarli darajada o‘girilmagan.
“Muloqot chog‘ida ushbu yo‘nalishda yaqindan hamkorlik qilish va sa’y-harakatlarni birlashtirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi. Jumladan, O‘zbekiston va Turkiya olimlari, Misrdagi turkiyshunoslar ko‘magida Alisher Navoiyning "Xamsa" asarini arab tiliga tarjima qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi va ushbu yo‘nalishda adabiy aloqalarni o‘rnatishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, tomonlar Navoiy va uning ijodi, al-Farg‘oniy tomonidan loyihalashtirilgan Qohira Nilometri va eski Qohiradagi Ibn Tulun masjidiga oid arab va ingliz tillarida hujjatli filmlar suratga olish muhimligini ham ta’kidlashdi.
Ma’lumot uchun, Navoiyning "Xamsa" asari 1483-1485 yillarda yozilgan. U besh dostondan iborat: "Hayrat ul-abror" ("Yaxshi kishilarning hayratlanishi"), "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Sab’ai sayyor" ("Etti sayyora") va "Saddi Iskandariy" ("Iskandar devori").