«Alimenti ham kerakmas, tezroq ajratishadimi?»

«Alimenti ham kerakmas, tezroq ajratishadimi?»

— 2014 yildan buyon turmush o‘rtog‘im bilan birga yashamaymiz. Farzandim aliment oladigan yoshdan o‘tgan. Aslida alimentdan qarzi bor-u, lekin uni undirish uchun ijroma-ijro yurishni xohlamayapman. So‘ramoqchi bo‘lganim, «hech qanday da’vom yo‘q», desam, tezroqda ajratishadimi? O‘zim ariza berganim yaxshimi yoki u bersinmi?
Ismi sir tutildi.

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi Muqaddas GULAMOVA javob berdi:

— Nikohdan ajratish masalasini hal qilishda sudlar, eng avvalo er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashi va oilani saqlab qolish imkoniyati bor-yo‘qligini aniqlaydi. Bunda, albatta, er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini yozma ravishda xabardor qiladi. Zero, Oila kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, nikohdan ajratishga yagona asos – bu agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2011 yil 20 iyuldagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-sonli qarorining 16-bandida, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talab, faqat, er-xotin bundan buyon birga hayot kechirishlarining va oila batamom buzilganligi sababli uni saqlab qolishning iloji yo‘qligi aniqlangan holdagina qanoatlantirilishi lozimligi to‘g‘risida tushuntirish bergan.
Nikohdan ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan bolalarga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash yoki er-xotinning birgalikdagi mol-mulkini bo‘lish to‘g‘risidagi masalalar hal etilishi Oila kodeksining 44-moddasida belgilangan. Biroq mazkur masalalar bo‘yicha er va xotinning o‘rtasida kelishuv bor yoki yo‘qligi nikohdan ajratish talabini mazmunan ko‘rib hal qilishga asos bo‘lishi qonunda belgilanmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!