51 million zarar: «HOP SHOP» dasturidagi reklamalar yolg‘onmi?

51 million zarar: «HOP SHOP» dasturidagi reklamalar yolg‘onmi?

Albatta, televizion do‘konlarining yuqori darajada mashhurligining asosiy sababi bitta – bu qulaylik. Uydan turib siz polni yuvish vositasidan tortib to rangli bo‘yoqlargacha hamma narsani buyurtma qila olasiz. Go‘yoki keltirilgan narxlar bir qarashda arzondek va siz istalgan vaqtda, o‘zingiz xohlagan mahsulotni uyni o‘zidanoq buyurtma qilishingiz mumkin.

«HOP SHOP» – OLTI OYDA 90dan ORTIQ MUROJAAT

Mamlakatimizning bir qancha telekanallarida “onlayn teledo‘kon”lardan chiqishlar kuniga bir necha bor takror-takror namoyish etiladi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o‘tgan davrida taniqli teledo‘konlardan biri «HOP SHOP» ga e’tiroz bildirib murojaatlar qilingan. Agentlikka tushgan 90 dan ortiq murojaatlar o‘rganilganda jami zarar miqdori 51 mln so‘mdan ortiqni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Aslida tovarlarni o‘rganish uchun fursat yo‘qligi sabab iste’molchilar ko‘pincha yetkazib berilgandan keyin unga achinib qoladilar.Buyurtma aynan iste’molchi kutganidek, ya’ni televizorda ko‘rganidan butunlay boshqacha bo‘lib chiqqani unga nisbatan e’tiroz bildirishadi.

MASHHUR AYYORONA MARKETING TUZOG‘I

Boshlovchilar turli-tuman mahsulotlarning yuqori sifati va narxi barchani qoniqtirishi mumkinligini maqtab ta’rif beradilar. Ajablanarlisi, mazkur reklamalarda chegirmalar faqat namoyishlar vaqtida bo‘lishi taklif qilinadi! Telekanalda mahsulot juda sifatli va narxi arzonlashtirilgan deb ta’rif beriladi. Ana shu faol reklama qilinayotgan davrda iste’molchi beixtiyor ayyorona marketing tuzog‘iga ilinib qoladi. Ustiga-ustak rolik so‘nggida zudlik bilan ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish va mahsulotni xarid qilish taklif etiladi! Iste’molchi bunday holatni payqamay qolib, buyurtma qilishga shoshiladi. .

JOZIBADOR NARXDA SIFAT

Hurmatli iste’molchilar,Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda iste’molchi tovar haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish va tovarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish huquqiga egaligini eslatib o‘tamiz.

Qonunga muvofiq – agar tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi, zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

Iste’molchining tovar haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.

Noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Hurmatli iste’molchilar, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda iste’molchi nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab iste’molchi quyidagi beshta huquqlaridan birini talab qilishga haqli ekanligini aytib o‘tish lozim. Bular tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish va shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplashdan iboratdir. Iste’molchi mazkur huquqlaridan kafolat muddati davomida tovarning nuqsonlari aniqlangan taqdirdagina foydalanadi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlarining sa’y-harakatlari tufayli barcha iste’molchilar murojaatlari ijobiy hal etilmoqda. Nuqsonli tovar xarid qilingan yoki reklamada berilgan xususiyatlarga ega bo‘lmagan tovarni albatta qaytarish huquqiga egasiz.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ishonch telefoni – 1159.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!