300 ming bola Livandan qochib ketdi
So‘nggi yetti hafta ichida 300 ming bola kuchayib borayotgan keskin vaziyatdan qochib, Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tdi, deya xabar bermoqda Save the Children tashkiloti.
Aksariyat bolalar yolg‘iz, ota-onalari yoki oilalaridan ajralgan holda yo‘lga chiqqan bo‘lib, yaqinlashib kelayotgan qish, zo‘ravonlik, oziq-ovqat tanqisligi va kasallik xavfi ostida qolmoqdalar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tayotganlarning 70 foizi suriyaliklar, qolganlari livanliklar yoki boshqa millat fuqarolaridir. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 60 foiz bolalar va o‘smirlar tibbiy yordam, boshpana, oziq-ovqat va suvga juda muhtoj.
Isroil Livan janubi va Bayrutni bombardimon qila boshlaganidan beri Livanda kamida 1,2 million kishi, ya’ni umumiy aholining beshdan bir qismi boshqa joyga ko‘chirildi, shuningdek, 13 yil muqaddam o‘z mamlakatlarida sodir bo‘lgan mojarolardan qochib, Livanda boshpana topgan 1,5 million suriyalik qochqinlar ham.
Livanda turmush o‘rtog‘i va ikki yosh bolasi bilan yashagan 28 yoshli suriyalik qochqin Maysa yana zo‘ravonliklardan qochishga majbur bo‘ldi va Suriyaga ko‘chib o‘tdi.
"Livanda boshlangan mojaro bu dahshatni ham olib keldi. Har qanday o‘q kirib o‘tishi mumkin bo‘lgan chodirda yashar ekanmiz, bomba va o‘q otish ovozlaridan dahshatga tushdik. Binolar vayron bo‘layotganini ko‘rdik, hayqiriqlarni eshitdik, bombardimondan qochayotgan odamlar, hech qachon unutmaydigan dahshatli voqealar va vaziyatlarga guvoh bo‘ldik", - dedi u.
Eng yomoni, ko‘chirilgan bolalar va ularning oilalari 13 yil davom etgan mojarolar, undan keyingi gumanitar va iqtisodiy inqirozlar, shuningdek, bir yil avval sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan zarar ko‘rgan, aholining 38 foizi jabrlangan mamlakatga kelishmoqda. Ayni paytda Suriyaning o‘zida qariyb 16,7 million kishi yordamga muhtoj. Bu aholining 72 foizdan ortig‘i va 2011 yilda inqiroz boshlanganidan beri eng yuqori daraja degani. Yordamga muhtojlarning taxminan 45 foizi bolalardir.
"Kechasi juda sovuq, bolalarimni isitadigan hech narsa yo‘q. O‘g‘lim sovuqdan kasal, butun vujudida gripp va shamollash bor. Yeguligimiz oz qoldi", - deya tushuntirdi Maysa.
Save the Children Suriya tashkiloti direktori Rasha Muhrezning ta’kidlashicha, Livandan Suriyaga kelgan bu bolalar va oilalarning ko‘pchiligi bir necha yil oldin qarama-qarshi yo‘nalishda xuddi shunday safarni amalga oshirgan. Suriyada esa aksiga olib gumanitar vaziyat og‘ir, oziq-ovqat narxi o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshdi va eng kam ish haqi asosiy oziq-ovqat savatining atigi 16 foizini qoplaydi.
“Ayni paytda Suriyada o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan qiynalayotgan yarim million bola hayotini saqlab qolish uchun yegulik va davolanishga muhtoj”, - dedi u.