3 ta viloyatda giyohvandlik vositalarini sotayotganlar qo‘lga olindi

3 ta viloyatda giyohvandlik vositalarini sotayotganlar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda shahar bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida Andijon, Sirdaryo va Namanganda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Uchtepa tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaroning xonadoni tegishli tartibda tekshirildi. Natijada 1 kg. 999 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur fuqaro uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu ajal og‘usini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Buloqboshi tumanida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaroning xonadonida 2 kg. 135 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ushbu narkotik moddani Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan Buloqboshi tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Andijon tumani hududida harakatlanib ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salonida 497 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur narkotik dori vositalarini Buloqboshi tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxsdan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi. Shuningdek, ushbu shaxsning xonadonidan ham 4640 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasitegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, DXX Sirdaryo va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro hamda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 5264 dona “Lirika” va 300 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!