2020 yilda Jo Bayden va Kamala Harrisning daromadlari qanchaga oshdi?

2020 yilda Jo Bayden va Kamala Harrisning daromadlari qanchaga oshdi?

AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z rafiqasi Jill Bayden bilan birga 2020 yilda 607 ming 336 dollar ishlab topgan. AQSh vise-prezidenti Kamala Harris va uning turmush o‘rtog‘i Dug Emxoff esa Bayden juftligidan deyarli 3 marta ko‘proq — 1 mln 695 ming 225 dollar daromad olgan.

Bunday ma’lumotlar Bayden va Harrisning 18 mayda e’lon qilgan daromad haqidagi deklarasiyalarida keltirilgan.

Bayden olgan daromadidan 25,9 foiz soliq stavkasi bo‘yicha 154 ming 414 dollar soliq to‘lagan. Shuningdek, juftlik 1,2 mln dollardan 2,88 mln dollargacha pul mablag‘lari va aktivlarga egaligini ma’lum qilgan.

Jo va Jill Baydenlar federal soliqdan tashqari, Delaver shtatiga 28 ming dollar va Virjiniya shtatiga 443 dollar soliq to‘lagan. Juftlik 2020 yilda xayriya maqsadida 30,7 ming dollar sarflagan.

O‘z navbatida, Harris va Emxoff juftligi 2020 yilda olgan daromadidan 36,7 foizlik stavka bo‘yicha 621 ming 893 dollar soliq to‘lagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenning prezident lavozimidagi yillik maoshi 400 ming dollarni tashkil qiladi.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Baydenlar daromadi 2019 yilda 985 ming dollarni tashkil qilgandi. Prezident daromadining qisqarishi 2020 yilgi saylov kampaniyasi davomida uning pulli chiqishlari va kitoblari savdosi bo‘lmagani bilan bog‘langan.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlar daromadlari va to‘lagan soliqlari haqidagi axborotni oshkor qilishga majbur emaslar. AQShning avvalgi prezidenti Donald Tramp bunday ma’lumotlar bilan bo‘lishishni istamagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!