2018 yilda kimlarni yo‘qotdik?
Tugab borayotgan 2018 yil O‘zbekiston tarixida ko‘plab yutuqlar va bunyodkorlik yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yil mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan ishlar, yirik loyihalar, forumlar, festivallar, xalq faravonligi yo‘lida amalga oshirilgan islohotlarga boy bo‘ldi, deb yozmoqda Qalampir.uz.
Topganlarimiz ko‘p, yo‘qotganlarimiz ham talaygina. Har bir sohada og‘ir yo‘qotishlar qilindi, xalq suyukli farzandlari ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohasidagi ko‘plab ilg‘or vakillarini yerga qo‘ydi. Quyida tugab borayotgan 2018 yildagi yo‘qotishlarimizni xotirlaymiz.
52 o‘g‘lon

2018 yilning 18 yanvar kuni ro‘y bergan voqea respublika tarixida butun umrga muhrlanib qoldi. Qozog‘istondan Rossiyaga yo‘lga chiqqan avtobus yonib ketishi oqibatida avtobus salonida 52 o‘zbek yigiti halok bo‘ldi.
Aziz Qayumov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Aziz Qayumov 16 fevral kuni 92 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumatning yetakchi a’zolari Azizxon Qayumovning vafot etgani munosabati bilan ta’ziya bildirishdi.
Ismoil Ergashev

24 fevral kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixidagi birinchi harbiy qo‘mondonlardan biri Ismoil Ergashev 73 yoshida vafot etdi. Ismoil Ergashev 1945 yilning 5 avgustida Samarqand viloyati Chelak tumanida tug‘ilgan.
Hilola Toshmuhammedova

O‘zbek milliy akademik drama teatrining taniqli yosh aktrisalaridan biri Hilola Toshmuhammedova 8 mart kuni 32 yoshida olamdan o‘tdi. Aktrisa Ko‘ngil , Tartyuf , Alisher Navoiy kabi spektakllarda bosh rollarni ijro etgan. Ko‘plab filmlardagi obrazlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan.
Dilbar Abdurahmonova

20 mart kuni O‘zbekistonning birinchi dirijyor ayol, O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Abdurahmonova 81 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Abdurahmonova ijodiy faoliyati davomida 64 ta operali va balet spektakllarini qo‘ygan. U ko‘plab mukofotlar qatorida uchta medal va uchta ordenga sazovor bo‘lgan. Gresiya falsafa akademiyasi 2016 yili uni XXI asr Yer fuqarosi unvoni bilan taqdirlagan.
Vladlen Lushin

Futbol bo‘yicha o‘tgan mavsum Oliy liga o‘yinlarida yon hakam sifatida faoliyat yuritgan Vladlen Lushin og‘ir xastalik tufayli 28 mart kuni 37 yoshida vafot etdi.
Shuhrat Abbosov

O‘zbek kino san’atining darg‘alaridan biri, Sen yetim emassan , Mahallada duv-duv gap , Abu Rayhon Beruniy , Toshkent non shahri , Olovli yo‘llar kabi filmlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki butun MDH mamlakatlarida katta shuhrat qozongan rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov 25 aprel kuni 87 yoshida vafot etdi.
Mahmud Salohiddinov

Atoqli matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Mahmud Salohiddinov shu yil 27 aprelda 85 yoshida vafot etdi. Akademik M.Salohiddinovning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, Fidokorona xizmatlari uchun , Mehnat shuhrati va Buyuk xizmatlari uchun ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Anvar qori Tursunov

Minor jome masjidi imom-xatibi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov joriy yil aprel oyi boshlarida insult xastaligini boshdan kechirib, shifoxonada davolandi. Oradan uch oy o‘tib, 13 iyun Muborak Ramazon oyining 28 kunida Anvar qori Tursunov 59 yoshida vafot etdi.
Husan Sharipov

26 iyun kuni O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov 80 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Husan Sharipov 80-yillardan boshlab O‘zbekfil’m kinostudiyasida suratga olingan badiy filmlarda asosiy rollarni ijro etib, kinotomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Suyunchi dagi Shermat, Maysaraning ishi da hoji A’lam, Vodillik kelin dagi Husan aka, Marhumning hurmati dagi Aftobaza direktori , Kelinlar qo‘zg‘oloni dagi Husan, Buvimni qaytaring dagi Ilhom va boshqa komik obrazlar aktyor ijodida muhim o‘rin tutadi. 1968 yildan beri O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan teleminiatyuralar teatrining ishtirokchilaridan biri bo‘lgan.
Malika Abdullaxo‘jayeva

Tibbiyot sohasidagi taniqli olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Malika Abdullaxo‘jayeva shu yil 26 iyunda 86 yoshida vafot etdi. Akademik Malika Abdullaxo‘jayevaning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Qahramoni unvoni va Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlangan edi.
Muborak Yo‘ldoshev

O‘zbekiston xalq rassomi Muborak Yo‘ldoshev 8 iyul kuni 84 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Muborak Yo‘ldoshev ijodiy faoliyati davomida mingdan ortiq sara va nodir asarlar yaratdi. Xalq og‘zaki ijodi bo‘lmish Alpomish , Go‘ro‘g‘li dostonlari tasviri tushirilgan rasmlar, Tohir va Zuhra , Layli va Majnun kabi nozik did bilan chizilgan portretlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Muborak Yo‘ldoshevning kamtarona mehnati hukumat tarafidan ham e’tirof etildi. U 2000 yilda O‘zbekiston xalq rassomi yuksak unvoniga munosib ko‘rildi.
Sobit Ahmadovich Tursunov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sobit Ahmadovich Tursunov Samarqandga xizmat safari bilan ketayotgan vaqtida Sirdaryodagi avtomagistralda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, hayotdan ko‘z yumdi. YTH 9 iyul kuni sodir bo‘lgan. U bir kundani so‘ng, 10 iyul kuni 45 yoshni qarshilashi kerak edi.
Farangiz Rejametova

Oyijon filmidagi bosh rol ijrochisi, aktrisa Fotima Rejametovaning qizi Farangiz Rejametova Jamolxonova 20 iyul kuni YTH oqibatida vafot etdi. O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti bitiruvchisi 25 yoshli Farangiz Rejametovani Ekopark yaqinida mashina urib ketgan.
Rufat G‘ulomovich Mahkamov

Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Rufat G‘ulomovich Mahkamov joriy yil 26 iyulda 88 yoshida vafot etdi. Akademik Rufat Mahkamovning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvoni bilan mukofotlangan edi.
Siyosatxon Abdullayeva

27 iyul kuni Do‘stlik ordeni sohibasi, O‘zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva 78 yoshida vafot etdi. Siyosatxon Abdullayeva paxtachilikda o‘ziga xos Andijon maktabi ni yaratgan mirishkor dehqonlardan biri edi. U o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida o‘zini ko‘plab yoshlarni tarbiyalagan ustoz, paxtachilik ilmining ustasi, dehqonchilikda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan olim sifatida namoyon qildi.
Suyima G‘aniyeva

Atoqli adabiyotshunos olim, professor, O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva 2 sentyabr kuni 86 yoshida vafot etdi. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, El-yurt hurmati , Buyuk xizmatlari uchun ordenlari va O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
G‘ofur Rahimovich Rahimov

19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi general-mayor G‘ofur Rahimovich Rahimov 89 yoshida olamdan o‘tdi.
Abdurazzoq hoji Yunusov

Ko‘p yillardan beri nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz, taniqli din ulamosi Abdurazzoq hoji Yunusov 4 oktyabr kuni 70 yoshida vafot etdi.
Aziza Niyozmetova

Taniqli xonanda Aziza Niyozmetova 15 oktyabr kuni 46 yoshida olamdan o‘tdi. Xonanda 1 yil avval saraton kasaliga chalingan. U Hindistonda ham davolanib kelgan edi. Davolanishlar foyda bermay, uning ahvoli kun sayin og‘irlashavergan. 1972 yilning 27 yanvarida tavallud topgan Aziza Niyozmetovaning uch qiz, bir o‘g‘li bor edi.
Rustam To‘xtaboyev
2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Rustam To‘xtaboyev 20 oktyabr kuni 61 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Rustam To‘xtaboyev 2004 yilda Do‘stlik ordeni bilan mukofotlangandi.
Vera Borisovna Pak

Fidoyi pedagog, mehribon murabbiy, O‘zbekiston Qahramoni Vera Borisovna Pak 26 oktyabr kuni 80 yoshida vafot etdi. U o‘zining 57 yillik pedagogik faoliyati mobaynida ota-ona mehriga tashna ko‘plab bolalarning yuragida hayotga, kelajakka mustahkam ishonch uyg‘otgan edi. Ularning Vatanimizga, xalqimizga sadoqatli farzandlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qildi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari mustaqil hayotga qadam qo‘yganidan so‘ng ham ularni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, yosh yigit-qizlarning kasb-hunar o‘rganishi, oila qurib, uy-joy bilan ta’minlanishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.
Ustoz Vera Pakning O‘zbekiston ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U 1992 yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi faxriy unvoni, 2001 yili O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.
Bobur Komilov

Yoshlar teleradiokanali Davr informasion dasturi boshlovchisi sifatida tanilgan taniqli teleboshlovchi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Matbuot kotibi Bobur Komilov 12 noyabr kuni 34 yoshida og‘ir xastalik sabab vafot etdi. Ma’lum bo‘lishicha, Bobur Komilov ichak saratoni xastaligidan og‘rigan va Turkiyaning Istanbul shahridagi shifoxonada davolanayotgan bo‘lgan.
Oybek Odilov

10 dekabr kuni aktyor, rejissyor Oybek Odilov xastalik tufayli olamdan o‘tdi. U marhum san’atkor Inog‘om Odilovning farzandi edi.Oybek Odilov ilk bor Zulfiqor Musoqovning Ayol zoti serialida tomoshabin nazariga tushgan. Shuningdek, u mohir dublyaj aktyori sifatida ham o‘ziga xos ovoz sohibi edi.
Nikolay Ivanovich Kucherskiy

O‘zbekiston kon-metallurgiya tarmog‘i faxriysi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sobiq Bosh direktori Nikolay Ivanovich Kucherskiy 81 yoshida vafot etdi. Kucherskiyning O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, tog‘-metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirishga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 1996 yilda unga oliy mukofot O‘zbekiston Qahramoni unvoni berildi. Shuningdek, u El-yurt hurmati va Do‘stlik ordenlari bilan mukofotlangan.
Obid Asomov

Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov o‘tkir yurak xuruji bilan poytaxtdagi 1-son shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan edi. Obid Asomov 14 dekabr kuni 55 yoshida o‘tkir infarkt xastaligidan vafot etdi.
Madamin Hasanov

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisod xodimi, davlat va jamoat arbobi, sobiq Savdo vaziri Madamin Hasanov kecha, 22 dekabr kuni 94 yoshida olamdan ko‘z yumdi.
Madaminjon Hasanovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan savdo xodimi faxriy unvoni, Jasorat medali, Mehnat shuhrati , Do‘stlik va Fidokorona xizmatlari uchun ordenlari bilan mukofotlangan edi.
