SSKA Fayzullayevni Osiyo kubogi U23ga qo‘yib yuborishini ma’lum qildi

SSKA Fayzullayevni Osiyo kubogi U23ga qo‘yib yuborishini ma’lum qildi

SSKA klubi jamoa yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevni O‘zbekiston olimpiya jamoasi ixtiyoriga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi.

Moskva klubining matbuot xizmati rahbari Kirill Breydoning «Sport-Ekspress» nashriga ma’lum qilishicha, SSKA O‘FA rahbariyati bilan yaxshi aloqada ekani va O‘zbekiston uchun Parij-2024 Olimpiadasiga chiqish juda muhimligini inobatga olgan holda SSKA klubi Abbosbek Fayzullayevni Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogi U23 bahslarida ishtirok etishiga ruxsat bergan. Faqatgina Fayzullayev guruh bosqichida emas, pley-off bosqichidan boshlab Temur Kapadze jamoasi safida maydonga tushishi mumkin.

SSKA rasmiysining ma’lum qilishicha, Fayzullayevga 25 aprel kungi SSKA - «Spartak» uchrashuvidan keyin Qatarga yo‘l olishga ruxsat beriladi.

Qayd etish joiz, Qatardagi turnirning chorakfinal bahslari 25 apreldan boshlanadi. D guruhidagi O‘zbekiston esa keyingi bosqichga yo‘llanma olgan taqdirda, 1/4 uchrashuvini 26 aprel kuni o‘tkazadi. Fayzullayev Moskvadagi uchrashuv yakunlangani bilan Dohaga yo‘lga chiqqan taqdirda ham, chorakfinal uchrashuvi boshlanishiga bir necha soat qolganda Kapadze ixtiyoriga yetib kelishi mumkin. Shunday ekan, o‘yin va yo‘l charchog‘idan charchagan Fayzullayevning chorakfinalda maydonga tushishi deyarli imkonsiz bo‘ladi. Vakillarimiz yarimfinalga chiqqan taqdirda Abbosbek 29 aprel kuni O‘zbekiston olimpiya jamoasiga yordam bera olishi mumkin bo‘ladi. Final 3 may kuni bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!