Zelenskiy: Trampning rejasi yo‘q

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning urushni to‘xtatish bo‘yicha hozircha rasmiy rejasi yo‘qligini aytdi. Bu haqda u Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki rahbari Odil Reno-Basso bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
💬 «Bu reja hali rasmiy emas. Turli nashrlarda chiqqan ma’lumotlar… Ishonchim komilki, bu Trampning rasmiy rejasi emas», — dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Tramp inaugurasiyasidan oldin AQSh bilan «aniq masalalarni» muhokama qilgan va o‘zining tinchlik rejasi bor. Shu bilan birga, u OAVda turli mish-mishlar paydo bo‘lishini va ularning hammasi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
💬 «Rasmiy muzokaralarni kutamiz», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Yanvar oyida Ukraina nashri Strana.ua Tramp jamoasi tomonidan tayyorlangani aytilgan «100 kunlik reja» loyihasini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Tramp maslahatchilarining ilgari bildirilgan fikrlarida Ukraina uchun NATO a’zoligi ko‘zda tutilmagan va hududiy yon berish masalasi tilga olingan.
Bloomberg agentligi AQShning Yevropadagi ittifoqchilari Trampning maxsus vakili Kit Kellogg tomonidan ushbu reja 14–16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etilishini kutayotganini xabar qilgan edi. Biroq, Kellogg bu ma’lumotlarni rad etib, rejani faqat Trampning o‘zi e’lon qilishini, lekin yaqin orada emasligini bildirdi.