«Yuventus» Ronaldu bilan sudlashishni davom ettiradi
Italiyaning «Yuventus» klubi sobiq hujumchisi Krishtianu Ronalduga 9,8 million yevro to‘lab berish majburiyati yuklatilgan sud qarorini bekor qildirish maqsadida mamlakat Oliy kassasiya sudiga shikoyat kiritdi. Bu haqda Football Italia nashri xabar bermoqda.
Turin klubi va portugaliyalik futbolchi o‘rtasidagi huquqiy nizo 2021 yilda, Ronaldu «Yuventus»ni tark etib, «Manchester Yunayted»ga qaytgan vaqtda yuzaga kelgan.
Mojaro koronavirus pandemiyasi davrida futbolchilar maoshining bir qismini to‘lash kechiktirilgani bilan bog‘liq. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, «Yuventus» Ronalduga 19,5 million yevro miqdoridagi mablag‘ni keyinroq to‘lab berish majburiyatini olgan.
2024 yil aprel oyida arbitraj sudi futbolchining da’vosini qisman qanoatlantirib, klub zimmasiga dastlab talab qilingan summaning taxminan yarmini to‘lash majburiyatini yuklagan. Shu bilan birga, sud «Yuventus» Ronalduni ataylab chalg‘itgani yoki aldaganini tasdiqlovchi holatlarni aniqlamagan.
Turinliklar mazkur qarorga qarshi apellyasiya shikoyati kiritgan bo‘lsa-da, 2026 yil yanvar oyida sud uni rad etib, avvalgi qarorni o‘z kuchida qoldirgan.
Shundan so‘ng «Yuventus» huquqiy kurashni davom ettirishga qaror qildi. Klub 2025/2026 yilgi mavsum uchun e’lon qilgan moliyaviy hisobotida Italiyaning oliy sud instansiyasiga yangi shikoyat kiritganini rasman tasdiqladi.
Hozircha mazkur ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi sanasi belgilanmagan.
