Yurtimizda eng ko‘p o‘qituvchi Samarqand va Qashqadaryoda ishlaydi
O‘zbekiston maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni yana oshdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida 577,7 ming nafar pedagog ishlagan. Bu hisobga o‘rindoshlik asosida faoliyat yurituvchilar kiritilmagan.
Bir yil avval mazkur ko‘rsatkich 564,9 ming nafarni tashkil etgan edi. Demak, bir yil ichida o‘qituvchilar soni 12,8 ming nafarga yoki 2,3 foizga ko‘paygan.
Pedagoglarning katta qismini ayollar tashkil etmoqda. Jami o‘qituvchilarning 418,8 ming nafari yoki 72,5 foizi ayollar, 158,9 ming nafari yoki 27,5 foizi esa erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar orasida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari yetakchi — har ikki hududda 65,1 ming nafardan o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona — 60,6 ming, Surxondaryo — 52,3 ming va Andijon — 46,3 ming nafar bilan qayd etilgan.
Eng kam o‘qituvchi Sirdaryo viloyatida — 14,2 ming nafar. Shuningdek, Navoiyda 22,3 ming, Jizzaxda 25,7 ming nafar pedagog ishlamoqda.
So‘nggi o‘n yillikda esa maktablardagi o‘qituvchilar soni sezilarli o‘sgan. 2015/16 o‘quv yilida ular soni 385 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2025/26 o‘quv yiliga kelib bu raqam qariyb 193 ming nafarga ko‘payib, 577,7 mingga yetgan.
Hududlar kesimida:
Samarqand — 65,1 ming
Qashqadaryo — 65,1 ming
Farg‘ona — 60,6 ming
Surxondaryo — 52,3 ming
Andijon — 46,3 ming
Namangan — 42,6 ming
Qoraqalpog‘iston — 40,7 ming
Toshkent viloyati — 40,2 ming
Xorazm — 35,1 ming
Toshkent shahri — 34,1 ming
Buxoro — 33,4 ming
Jizzax — 25,7 ming
Navoiy — 22,3 ming
Sirdaryo — 14,2 ming
