Yunusobod tumanidagi 1-sonli bolalar klinik shifoxonasiga murojaatlar soni ko‘pligi aks etgan videolavhalar tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 1-sonli bolalar klinik shifoxonasiga murojaatlar soni ko‘pligi aks etgan videolavhalar tarqaldi.
Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasi 425 o‘ringa ega bo‘lib, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qator yo‘nalishlar bo‘yicha tunu kun malakali shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Muassasa barcha zarur tibbiy texnika va jihozlar hamda dori-darmonlar bilan ta’minlangan. 138 nafar shifokor, 401 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda.
Shifoxonaning qabul bo‘limiga kuniga o‘rtacha 450-500 nafar bemor murojaat qiladi. Ulardan yotib davolanishga muhtoj bo‘lganlari shifoxona bo‘limlariga gospitalizasiya qilinadi.
Ma’lumki, kuz-qish davrida yurtimiz bo‘ylab mavsumiy kasalliklar keng tarqalishi kuzatiladi. Shu sababli hozirgi kunda muassasaga murojaatlar soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, shifoxona bo‘limlarida qo‘shimcha 55 o‘rin tashkil etilgan, 40 o‘rinli ko‘z mikrojarrohligi bo‘limining epidemik mavsum barqarorlashgunga qadar o‘tkir respirator kasalliklarni qabul qilish uchun profili o‘zgartirildi.
Shuningdek, ambulator murojaat qilgan va shifoxonadan 2-bosqich davolanishga chiqarilgan bemorlar bo‘yicha oilaviy poliklinikalar bilan hamkorlikda ishlanmoqda. O‘z navbatida, bemorlar soni ortgani inobatga olinib, shifokorlarning mazkur kasalliklar bo‘yicha murojaatlar bilan ko‘proq ishlashi choralari ko‘rilyapti.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash
bosh boshqarmasi.