Tramp hukumatga qaytdi. Endi muhojirlarning taqdiri nima bo‘ladi?
Saylangan prezident Donald Tramp millionlab odamlarni deportasiya qilishni va’da qilganidan so‘ng, muhojirlar, ularning ish beruvchilari va huquq himoyachilari vaziyatga tayyorgarlik ko‘rishni boshladilar.
Ba’zilar yangi ma’muriyat ularning oilalariga qanday ta’sir qilishidan qo‘rqishmoqda, boshqalar esa vaziyat yaxshilanishiga umid qilib turibdi. Trampning ittifoqchilari deportasiya va hibsga olish choralarini muhokama qilayotgan bir paytda, AQSH-Meksika chegarasini mustahkamlash birinchi kundan boshlab ustuvor vazifa sifatida ko‘riladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlar birinchi navbatda chiqarib yuboriladi. Bu haqda Tramp jamoasining dastlabki rejalari bilan tanish manba CNN telekanaliga xabar berdi.
Amerikadagi ispan tilida so‘zlashuvchi fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot – Birlashgan Lotin Amerikasi Fuqarolari Ligasi (LULAC) yangi immigrasiya siyosatiga qarshi harakat qilish uchun advokatlar yollashga kirishdi.
«Xato qilmang: ommaviy deportasiya nafaqat millionlab muhojirlarga, balki ularning oilalari va jamoalariga, shuningdek, mamlakatning iqtisodiyotiga ham zarar yetkazadi. Ota-onalar farzandlaridan ajratiladi, bizneslar yopiladi va butun bir davlat tizimi izdan chiqadi», – deydi LULAC bosh direktori Xuan Proanyo.
Huquq himoyachilari hozirlik ko‘rmoqda
Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (ACLU) advokatlaridan biri Li Gelernt ta’kidlashicha, huquqiy muammolarga qarshi tayyorgarlik allaqachon boshlangan:
«Biz deyarli bir yil davomida Trampning qayta saylanishiga tayyorgarlik ko‘rdik va uning ehtimoliy keskin choralariga qarshi strategik choralar ustida ishladik. Masalan, deportasiya uchun harbiylardan foydalanish tahdidlari mutlaqo noqonuniydir».
Milliy Immigrasiya Adliya Markazi ham o‘z advokatlarini safarbar qilmoqda. Markaz ijrochi direktori Meri Meg Makkarti shunday dedi:
«Biz muhojir va qochqinlarga zarur huquqiy yordam berish, oilalarni birga saqlash va nohaq deportasiyalarga qarshi kurashda ishimizni davom ettiramiz.»
Muhojirlar va ish beruvchilarning xavotiri
Xyustondagi ispanlar jamiyati yetakchisi Sezar Espinozaning aytishicha, odamlar noaniq holat tufayli xavotirda:
«Ko‘pchilik bizga qo‘ng‘iroq qilib, «Endi nima bo‘ladi? Nima qilishimiz kerak?» degan savollarni bermoqda. Ayrimlar aralash oilalarda yashaydi va ularning taqdiri jiddiy xavotir uyg‘otmoqda», deydi u.
Kaliforniya fermerlari esa muhojirlar mehnatiga bog‘liq bo‘lganliklari tufayli, qonuniy ishchi kuchini saqlab qolish uchun immigrasiya islohotlarini talab qilmoqda. Kaliforniya fermer xo‘jaligi byurosi prezidenti Shennon Duglas bu haqda quyidagicha fikr berdi: «Biz doimiy ishchi kuchi yetishmovchiligini kamaytirish uchun migrasiyadagi to‘siqlarni yengillashtirishga e’tibor qaratishimiz kerak».
Chegaradagi vaziyat
Shimoliy va janubiy chegaradan mamlakatga noqonuniy o‘tganlar 2024 yilda kuniga o‘rtacha 1700 kishini tashkil qilgan. Ba’zi kunlarda ushbu ko‘rsatkich 10 000 dan oshgan.
Los-Anjeles shahridan mer Karen Bass muhojirlarga himoya va qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini berib, shunday dedi: «Migrasiya hamjamiyati shahrimizning yuragi. Los-Anjeles muhojirlar uchun xavfsiz makon bo‘lib qolaveradi».
Meksikaning Tixuana shahrida esa 3400 muhojir boshpana olishni kutib turibdi. Shahar migrasiya direktori Xose Luis Peres Kancholaning aytishicha, ko‘pchilik hali ham qonuniy yo‘l topishga harakat qilmoqda. Ammo ommaviy uchrashuvlar bekor qilinsa, chegarani noqonuniy kesib o‘tish hollari ortishi mumkin.