«Yuksalish» rahbari jamoat transportida majburiy qo‘lqop kiyishni mantiqsizlik deb atadi

«Yuksalish» rahbari jamoat transportida majburiy qo‘lqop kiyishni mantiqsizlik deb atadi

Yo‘lovchilarlar 19 oktyabrdan boshlab Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etilgani haqida xabar berilgandi.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ushbu talabni mantiqsizlik deb atab quyidagicha fikr bildirgan.

«Transport vazirligi tomonidan joriy etilgan Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, marshrutka) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi jamoatchilik orasida bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Bizda ham ushbu qarorning mantiqiyligi va huquqiyligi yuzasidan ikkita asosiy shubha bor:

Birinchidan, jamoat transportida qo‘lqop taqilishi haqida Maxsus komissiya qarori yoki biror yuridik hujjat yo‘q. Transport vazirligining bunday qaror qabul qilishga vakolati bormi? Agar shunday hujjat bo‘lsa, uni e’lon qilish kerak.

Ikkinchidan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasidan saqlanishda qo‘lqop taqib yurishni samarasiz, deb topgan. Jumladan, JSST saytida COVID-19 bo‘yicha savol-javoblar bilan birga ma’lum bir tavsiyalar ham berib boriladi. Aynan qo‘lqop taqish borasida quyidagi tavsiya mavjud:

Qo‘lqop taqish samarali emas. Qo‘lqoplarda virus to‘planadi va inson agarda qo‘lqop taqilgan qo‘l bilan yuziga tegsa, ko‘z yoki og‘iz orqali virus yuqishi mumkin. Qo‘llarni muntazam yuvish yoki spirt vositasida artib turish samaraliroq.

Qo‘lqoplar tekinga tarqatilgani bilan ularni xarid qilish xarajatlari oxir-oqibat soliq to‘lovchilarning hisobidan amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan Transport vazirligi ushbu tartibni bekor qilishi va buning o‘rniga fuqarolar bilan maslahatlashib, boshqa (qo‘lni dezinfeksiya qilish uchun dispenserlarni o‘rnatish kabi) himoya usullarini taklif qilishi kerak», – deb yozadi Bobur Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, Transport vazirligi bunda tashuvchilar tomonidan jamoat transporti yo‘lovchilariga qo‘lqoplar bepul taqdim etilishi, yo‘lovchilarning qo‘lqop kiygan-kiymaganini maxsus ishchi guruh nazorat qilib borishini ma’lum qilgan. Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev esa jamoat transportida yo‘lovchilarga tarqatiladigan tibbiy qo‘lqoplar transport korxonalari hisobidan, ya’ni davlat tomonidan qoplanishini bildirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!