YPX inspektori yil boshidan buyon 410 mln so‘mlik 152 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchini aniqladi
Joriy yilning 31 mart kuni soat 23:30 atrofida Namangan shahar Davlatobod tumani Islom Karimov ko‘chasida Hyundai Sonata rusumli 01 T 234 ZA davlat raqam belgili avtomashina YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib, haydovchidan haydovchilik guvohnomasi va avtomashinaga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘rsatilishini talab qilingan. Rul boshqaruvidagi haydovchi avtomashina unga tegishli emasligini aytib xodimga hech qanday hujjat bermagan. Shundan so‘ng avtomashina belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilganda avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yo‘qligi, yuqoridagi davlat raqam belgisi esa YHXXdan ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Chust tumanida yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan avtomashinada sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar o‘rganilganida, haydovchi joriy yilning shu vaqtiga qadar jami 152 ta holatda tezlikni me’yoridan oshirgani va ushbu qoidabuzarliklari ortidan yuzaga kelgan jarima summasi 410 million so‘m ekanligi aniqlangan.
Biroq davlat raqam belgisi haqidagi ma’lumotlar tizimda mavjud emasligi bois sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarishning imkoni bo‘lmagan.
Ushbu haydovchi hech qayerda qayd etilmagan davlat raqam belgisi bilan avtomashinani istagan tezlikda boshqarib insonlar hayotiga xavf solib kelgan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Avtomashina jarima maydonida saqlanmoqda.
