Yosh o‘zbek kinoijodkorlari xalqaro kinoforumda eng ko‘p mukofotni qo‘lga kiritdi

Yosh o‘zbek kinoijodkorlari xalqaro kinoforumda eng ko‘p mukofotni qo‘lga kiritdi

Checheniston Respublikasining Grozniy shahrida “Zolotoy Vityaz” (“Oltin risar”) XXXII xalqaro kinoforumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zining 32 yillik faoliyati davomida “Zolotoy Vityaz” kinoforumi Rossiya, Belarus, Ukraina, Serbiya, Bolgariya, Moldova, Bosniya va Gersogovina kinematografiya, teatr, adabiyot, musiqa va tasviriy san’at bo‘yicha yuzdan ortiq keng ko‘lamli forumlar o‘tkazdi. Xalqaro kinoforum tadbirlarida dunyoning 60 mamlakatidan 10 mingdan ortiq madaniyat arboblari ishtirok etdi.

“Zolotoy Vityaz” XXXII xalqaro kinoforumida dunyoning 20 mamlakatidan, shu jumladan Rossiya, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Serbiya Respublikasi, Ruminiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina, Fransiya, Shveysariyadan 12 ta badiiy, hujjatli, animasion, debyut, talabalar va bolalar filmlari ishtirok etdi.

Kinoforumda xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga Rossiya, Argentina, Bolgariya, Germaniya, Ispaniya, Eron, Qirg‘iziston, Shimoliy Makedoniya, Serbiya va Turkiyaning eng yirik ekspertlari kiritilgan.
Tanlovdan tashqari, forum doirasida taniqli kinoijodkorlar ishtirokidagi filmlar premyeralari, ularning tomoshabinlar bilan muhokamalari, filmlar retrospektivlari, ilmiy konferensiya, bir qator kinomaktablar bilan ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari tashkil etildi.

Kinomaktab va ilmiy konferensiyada O‘zbekistondan san’atshunoslik fanlari falsafa doktori, Istanbul kino akademiyasi faxriy akademigi, Toshkent shahridagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali direktori Eldor Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Bu yilgi tanlov dasturida O‘zbekistondan Toshkent shahridagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali talabalarining 4 ta filmi ishtirok etdi. Bular orasida talabalarning debyut ishlari, qisqa metrajli, hujjatli va to‘liq metrajli filmlari ham bor edi.
Yosh o‘zbek kinoijodkorlarining filmlari mukofotlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.
“Inson”, “Sarobga yo‘l” va “Skotch” filmlari hakamlar hay’atining alohida mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, “Skotch” filmi eng yaxshi debyut film sifatida bronza diplomiga ham sazovor bo‘ldi.

Hakamlar hay’ati raisi, “Nika” kinoakademiyasi Prezidenti Andrey Konchalovskiy “Bu ko‘rsatkich o‘zbek kinosining yangi to‘lqinidan dalolat beradi”, deya ta’kidladi.

Aytish kerakki, ilgari ushbu filmlar boshqa nufuzli xalqaro kinofestivallarda ham yuqori baholangan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!