Yod tanqisligini davolovchi milliy dori vositasi yaratildi

Yod tanqisligini davolovchi milliy dori vositasi yaratildi

Uni Toshkent farmasevtika institutining Farmasiya yo‘nalishi 5-bosqich talabasi Sunnatullo Fazliyev ixtiro qildi.

– Hozirga qadar yod tanqisligida tavsiya etiladigan dori vositalari chetdan olib kelinardi, – deydi S.Fazliyev. – Albatta, ustiga qo‘shimcha narxlar qo‘shilgach, qimmatlashadi. Hamma ham sotib ololmaydi. O‘zbekistonda esa bunday dori vositasi yo‘q edi.

Birinchi bosqichdan buyon ustozlar ko‘magida ishlab birinchi mahalliy preparatni yaratdik. U arzon va samarador. Eng muhimi 90 foiz mahalliy xomashyodan olinadi. Agarda xorijdan kirib kelayotgan bunday dorilar 20-30 ming so‘m bo‘lsa, yangi dorining narxi 12-13 ming so‘m oralig‘ida bo‘ladi. Bunda kerakli moddalar “mehmon -mezbon” usulida birlashtirilgan. Inson tanasi uchun ortiqcha bo‘lgan yod moddasi boshqa moddalar bila birlashib, noxush holatlarni keltirib chiqarmaydi. Balki, keraklisi tanada qolib, ortiqchasi chiqib ketadi.

Ayni vaqtda ixtiro Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasiga ko‘rib chiqish va tibbiyot amaliyotiga ruxsat olish uchun taqdim etilgan.

Bilamizki, yod tanqisligi Markaziy Osiyo aholisi uchun dolzarb masalalardan biri. Vaholanki, bu modda yetishmasligi tufayli yosh bolalar aqliy rivojlanishdan ortda qolib ketishi mumkin.

Hozirda Sunnatullo Anorganik, analitik, fizik va kolloid kimyo kafedrasida amalga oshirilayotgan “Yod-β-siklodekstrin substansiyasi hamda kapsula dori shaklini olish texnologiyasini o‘zlashtirish va ishlab chiqarishga tayyorlash” hamda “Mahalliy xomashyolar asosida prebioenterosorbent olishning yuqori samarali texnologiyasini ishlab chiqish” mavzularidagi innovasion loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Sunnatullo Fazliyev bu dori vositasini birdaniga yaratgani yo‘q. Bunga qadar u bir qator bosqichlarni bosib o‘tdi. Eng avvalo u xalqaro D.I.Mendeleev olimpiadasining g‘olibi sifatida o‘qishga imtihonsiz qabul qilingan edi. Dastlab ilmiy ishlarini mahalliy xomashyo asosida gemostatik ta’sirga ega “Lagoden” dori vositasini olish texnologiyasini ishlab chiqishdan boshladi va ilk bor “Lagoden” gelini olishga erishdi.

2014 yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2017 yilning mart oyida Belarusda o‘tkazilgan kimyo, fizika, biologiya va matematika fanlaridan kompleks tuzilgan “STEND” olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘ldi.

O‘tgan yili hammualliflikda o‘rta hamda o‘rta-maxsus ta’lim tizimida tahsil olayotgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan “Kimyo. Tez va oson o‘rganish” nomli kitob chop etildi.

Joriy yilda “Kimyodan olimpiada masalalari” nomli kitobi bosmadan chiqdi. Chunki aynan shu yo‘nalishda o‘zbek tilida zamonaviy, ishonchli va qulay adabiyot yo‘qligi sababli kimyoga qiziquvchi ko‘pgina iqtidorli yoshlar olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rishda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi.

Yosh ixtirochi Xalqaro sud toksikologlari assosiasiyasi, Dorilarning terapevtik monitoringgi va klinik toksikologiya xalqaro assosiasiyasi a’zosi hisoblanadi.

Manba: O‘zA​​


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!