YATTlar aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetmasa ham QQSga o‘tkaziladi — Soliq qo‘mitasi izoh berdi
Ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetmagan holda QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatga olinayotgani haqidagi murojaatlarga javoban Soliq qo‘mitasi mazkur holatlar Soliq kodeksi normalariga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
“Soliq kodeksining 462-moddasi 8-qismiga asosan, agar yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning tovarlar (xizmatlar) realizasiyasidan olgan daromadi belgilangan nazorat summasidan oshsa, bunday soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tilgan yildan keyingi yildan boshlab QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Nazorat summasi quyidagi tartibda aniqlanadi:
1 mlrd so‘m 365 kunga bo‘linib, soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan sanadan yil oxirigacha bo‘lgan kunlar soniga ko‘paytiriladi.
Masalan:
— agar YATT 2025 yil 1 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 300 mln so‘m daromad olgan bo‘lsa, bu summa hisoblangan 252,05 mln so‘m nazorat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ladi va u 2026 yil 1 yanvardan QQS hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi;
Nazorat summasini hisoblab chiqarish:
1 000 000 000 : 365 x (31+30+31) = 252,05 mln so‘m,
bunda,
⁃ 31 – oktabrda kunlar soni;
⁃ 30 – noyabrda kunlar soni;
⁃ 31 – dekabrda kunlar soni.
— agar YATT 2025 yil 1 noyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 150 mln so‘m daromad olgan bo‘lsa, bu summa 167,12 mln so‘m nazorat ko‘rsatkichidan kam bo‘lgani sababli, QQS va foyda solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydi.
Nazorat summasini hisoblab chiqarish:
1 000 000 000 : 365 x (30+31) = 167,12 mln so‘m,
bunda,
⁃ 30 – noyabrda kunlar soni;
⁃ 31 – dekabrda kunlar soni.
Shu munosabat bilan Soliq kodeksining ushbu normalariga asosan 2026 yil 1 yanvardan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’ektlarining shaxsiy kabinetiga tegishli xabarnomalar yuborilgan”, deyiladi (https://t.me/soliqnews/17278) qo‘mita xabarida.
