Zelenskiy: Rossiya “energetik sulh” shartlarini buzdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan “energetik sulh” shartlarini buzganlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Moskva berilgan va’dalarga rioya qilmagan.
Report agentligining Sharqiy Yevropa byurosi xabar berishicha, Zelenskiy bu haqda Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
Prezidentning aytishicha, Amerika tomoni ushbu tashabbus kamida bir hafta — uch davlat delegasiyalari navbatdagi uchrashuvigacha amal qiladi, deb hisoblagan. “Bu juda muhim qaror edi. ‘Energetik sulh’ amalda 30 yanvarga o‘tar kechasi boshlangan. Biroq bugungi kunga o‘tar kechasi rossiyaliklar, bizning fikrimizcha, o‘z va’dasini buzdi”, — dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yoki Rossiya bir hafta deganda to‘rt kunni tushunadi, yoki urushni davom etirishga ongli ravishda stavka qilmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya aynan shu qishning eng sovuq kunlarini kutgan — Ukraina hududlarining katta qismida havo harorati −20 darajadan past bo‘lgan paytda zarbalar berilgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maqsadi ukrainaliklarni elektr energiyasi va issiqlik ta’minotisiz qoldirish, keng ko‘lamli blekaut yuzaga keltirishdan iborat.
“Biz bu masala bo‘yicha Amerika tomoni bilan aloqaga chiqamiz. Hamkorlarimiz yuz berayotgan voqealarga nisbatan sukut saqlamaydi, deb umid qilaman”, — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
