Yaponiya tomonidan Rossiya agressiyasiga qarshi kiritilgan sanksiyalar ko‘lami ma’lum qilindi
Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish, adolatli va barqaror tinchlikni o‘rnatish maqsadida sanksiyalar qo‘llamoqda. Bu haqda Yaponiya tashqi ishlar vazirligi mulozimi Xabar.uz muxbiriga ma’lum qildi.
«2025 yil sentyabr oyi holatiga ko‘ra, 1017 ta jismoniy shaxs, 370 ta tashkilot, 17 ta bank kabi Rossiya sub’ektlari mablag‘lari muzlatilgan. 561 ta tashkilot eksportiga taqiq qo‘yilgan. Shuningdek, uchinchi davlatlardagi (14 mamlakat va bitta mintaqa) bir qator sub’ektlarga ham mablag‘ni muzlatish va eksport taqiqi choralari tatbiq etilgan», – deydi TIV vakili.
Sanksiyalar xronologiyasiga e’tibor qaratilsa, 2022 yil fevral oyida Ukraina urushi boshlanganidayoq Rossiyaning bir qator davlat amaldorlari, jumladan, prezident Vladimir Putin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, oligarxlar, harbiylarga tegishli mablag‘lar muzlatilgan. Moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan, Rossiyadan muayyan mahsulotlar eksporti man etilgan.
2022 yil apreldan keyin energetika sektorida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida rasmiy Tokio rus ko‘miri va nefti importidan bosqichma-bosqich voz kechishga kirishgan. Rossiyadan muayyan tovarlar importi man etilgan.
2025 yil sentyabr oyidan sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinishlarning oldini olish maqsadida uchinchi davlatlardagi tashkilotlarga qarshi choralar ko‘rila boshlagan. Shuningdek, yana boshqa qator ta’sir usullari tatbiq etilmoqda.
Qayd etilishicha, Yaponiya sanksiyalar bo‘yicha xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilar ekan, Ukraina muammosini hal etishga o‘z hissasini qo‘shishni istaydi.
Rossiya bosqini boshlangan ilk kezlardayoq rasmiy Tokio Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi buzilishi, xalqaro huquq hamda BMT Nizomi poymol etilishini keskin qoralagan hamda Kremldan hujumni zudlik bilan to‘xtatish va o‘z qo‘shinini Rossiya hududiga qaytarishni talab qilgan.
Yaponiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, xususan, «Katta yettilik» davlatlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Yaponiya Ukrainaga moliyaviy, iqtisodiy, texnik va gumanitar yo‘nalishlarda ham ko‘mak ko‘rsatmoqda. Siyosiy va diplomatik dastak orqali esa rasmiy Tokio xalqaro huquq ustuvorligi prinsipini ilgari surmoqda.
Kunchiqar o‘lka Ukrainani tiklash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish niyatini ham bildirgan.
