Saudiya Arabistonida Eronning olti nafar fuqarosi qatl qilindi
Qayd etilishicha, ushbu olti nafar Eron fuqarosi Saudiya Arabistoniga giyohvand moddalarni olib kirishga uringanlikda ayblanib qatl etilgan. Eron Tashqi ishlar vazirligining yuridik va konsullik departamenti vakillari masalani yanada tartibga solish uchun Ar-Riyodga borishi kutilmoqda.
“Eron fuqarolari Qosim Muhammad Shaboniy, Abdurreza Yunus Tenkasiriy, Xalil Shahid Samriy, Muhammad Javod Abduljalil, Mehdi Kenan Ganimiy va Xur Muhammad Shaboniy giyohvand moddalarni noqonuniy ravishda qirollikka olib kirishga uringan”, – deyiladi Saudiya ichki ishlar vazirligi bayonotida.
Shuningdek, ushbu bayonotda ayblanuvchilar hibsga olingani, sud tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingani aytiladi. Saudiya Arabistoni hukumati buyrug‘i bilan hukm ijro etilgan.
Ijroga nisbatan Eron fuqarolarining o‘limiga keskin munosabat bildirilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchisi Abdulloh bin Saud al-Aneziyni chaqirib, unga sodir etilgan qatllar munosabati bilan “keskin iboralar” bilan norozilik notasini topshirgan.
Elchixonani oldindan xabardor qilmasdan o‘lim jazosini ijro etish mutlaqo nomaqbuldir va xalqaro huquq normalarini, shu jumladan konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini buzadi, – deyiladi Eron TIV xabarida.
Vazirlikning ta’kidlashicha, elchi bilan uchrashuv chog‘ida unga bunday harakatlar ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikning umumiy amaliyotiga zid ekani eslatib o‘tilgan.