Yangi imkoniyatlar eshigi: investisiya va moliya tizimidagi muhim o‘zgarishlar
Bugungi kunda dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashib, investisiyalarni jalb qilish tobora qiyinlashyapti. Shunday sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va xalqaro kapitalni keng jalb qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda mamlakatda uchta muhim yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilmoqda:
1. Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish;
2. Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini rivojlantirish;
3. Islomiy banking xizmatlarini joriy etish.
Xalqaro moliya markazlari dunyoda investisiyalarni jalb qilishning eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Masalan, Singapur, London va Gonkong shu kabi markazlar orqali har yili yuzlab milliard dollarlik sarmoya jalb qilib kelmoqda.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar markazi orqali yetakchi texnologik kompaniyalarni jalb qilish, innovasiyalarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Islomiy moliya xizmatlarini joriy etish esa iqtisodiyotga qo‘shimcha investisiyalar oqimini ta’minlab, moliyaviy xizmatlar turini kengaytirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yo‘nalish orqali iqtisodiyotga kamida 1 milliard dollar qo‘shimcha investisiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati mavjud.
Bu tashabbuslar natijasida mamlakatga yangi investisiyalar kirib keladi, iqtisodiyotda raqobat va texnologiyalar rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar aholi daromadlarining o‘sishiga, zamonaviy xizmatlar kengayishiga va iqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
