Navoiyda narkokuryer «zanjiri» fosh etildi
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati guruhi rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, narkokuryerlar bot «xizmati» orqali bir-birini topishgan. Va bot xizmati ular uchun zaharli tarmoq vazifasini o‘tagan.
Ta’kidlanishicha, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor profilaktik tadbirlari davomida oddiy «telegram bot» niqobi ostida ishlayotgan, aslida esa yoshlarni zaharli girdobga tortayotgan narkokuryerlar tarmog‘i fosh etilgan. Tezkor tadbir davomida 26 yoshli, muqaddam sudlanmagan fuqaro SH.T. 1,80 gramm gashishni 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Bir qarashda «mayda savdo»dek ko‘ringan holat ortidan katta va xavfli jinoiy guruh faoliyati ochilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, SH.T. giyohvandlik moddalarini boshqa bir ikki nafar navoiylik bo‘lgan 25 yoshli R.J. hamda 26 yoshli E.D.lardan olgan. Ularning yonidan 8 ta ampulada gashish moyi va 6 grammga yaqin gashish moddasi aniqlangan.
Bu shaxslar mijozlar bilan yuzma-yuz uchrashishmagan. Barcha jarayon «telegram bot» orqali boshqarilgan: buyurtma, to‘lov, yetkazib berish kabi xizmatlarning hammasi raqamli tarzda. Ular, go‘yoki, «ta’minotchi» sifatida faoliyat yuritib, aslida, giyohvandlik moddalarini yashirin lokasiyalarga joylashtirib borishgan. Ya’ni, mijozlar bir-biri bilan ko‘rishmagan holatda «mahsulot»ni daraxt osti yoxud turli xiyobonlardagi xilvat joylarga ko‘mib, suratga tushirib, rasm va lokasiyani «hamkorlar»ga jo‘natib qo‘yish orqali tarqatishgan.
Yanada xavflisi, guruh a’zolaridan biri F.T. maxsus bot orqali «onlayn o‘quv kurslari»ni ham o‘tab, giyohvand moddalarini qayta ishlashni ham o‘rgangan va o‘z uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan. Tadbir davomida F.T.ning xonadonidan 1 kg 477 gramm gashish moddalari, 34 dona qadoqlangan mahsulot, shuningdek, vositalarni tayyorlash va qadoqlash uskunalari ham topilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruh 1000 dan ortiq lokasiyaga giyohvandlik moddalarini joylashtirgan. Ular yana 2,5 kg gashishni tarqatishni rejalashtirgan bo‘lib, uning «bozor qiymati» 1 milliard 220 million so‘mga teng ekanini ham aytishgan.
«Holat o‘rtaga jiddiy savollarni qo‘yadi. Yoshlar oson daromad topish ilinjiga tushib qolishgan. Buning uchun daromadning qaysi yo‘l bilan kelishi ularni, deyarli, qiziqtirmay qo‘ygan. Eng qizig‘i, zamonaviy raqamli platformalar orqali narkosistemani boshqarishmoqda. Ushbu jinoyat ortida «texnologiya» emas, inson fojeasi, bir necha gramm modda ortidan yuzlab yoshlarning izdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan hayoti yotgani achinarli. Yoshlarimiz «Bot xizmati» deb atalgan turli tizimlar ortida, aslida, zahar tarqatishning yangi, niqoblangan shakli yotganini unutmasliklari kerak»,-deydi Fayozjon Qosimov.
