OpenAI dunyoni lol qoldirgan Sora loyihasini yopdi: Disney 1 milliard dollardan voz kechmoqda!
Sun’iy intellekt olamida kutilmagan burilish! Bir necha oy avval video generasiya qilish imkoniyati bilan Gollivud titratgan Sora loyihasi rasman to‘xtatildi. Bu qaror nafaqat texnologiya ixlosmandlarini, balki yirik investorlarni ham shok holatiga tushirib qo‘ydi.
1 milliard dollarlik yo‘qotish
The Information nashrining xabariga ko‘ra, dunyoga mashhur Disney kompaniyasi ushbu yangilikdan so‘ng OpenAI bilan rejalashtirilgan 1 milliard dollarlik hamkorlikdan chekinmoqda. Aslida, 2025 yilning oxirida boshlandigan loyihaga ko‘ra, Disney o‘z qahramonlarini Sora orqali jonlantirishi va texnologiyani Disney+ xizmatiga olib kirishi kerak edi. Endi esa bu ulkan kelishuv tarixga aylanishi mumkin.
«Spud» — Yangi maxfiy loyiha sababchimi?
OpenAI nima uchun bunday qarorga keldi? Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ichki nomi Spud bo‘lgan yangi va yanada qudratli SI (AI) modeli ustidagi ishlarni yakunlagan. Sora ilovasini yopish orqali kompaniya o‘zining asosiy hisoblash quvvatlarini (serverlarini) aynan shu yangi tizimga yo‘naltirgan.
Sem Altman nazoratni topshirdimi?
Kompaniya ichida katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bosh direktor Sem Altman xavfsizlik va himoya jamoalarini boshqarishdan chekindi. Endi u asosiy e’tiborini mablag‘ yig‘ish, ma’lumotlar markazlarini qurish va ta’minot zanjirlariga qaratadi. Xavfsizlik tizgini esa Mark Chen va Greg Brokman qo‘liga o‘tdi.
Video tadqiqotlari to‘xtamaydi
Sora ilova va API sifatida yopilayotgan bo‘lsa-da, OpenAI video yo‘nalishidan butunlay voz kechgani yo‘q. Kompaniya endi e’tiborni «dunyo simulyasiyasi»ga qaratadi. Ya’ni, shunchaki video yaratish emas, balki real dunyo fizikasini tushunadigan murakkab tizimlar ustida ishlash davom etadi.
