Xitoylik olimlar Everest o‘sayotganini qayd etishdi
Everest cho‘qqisining balandligi doimiy ravishda oshib bormoqda. Bunday xulosaga Pekindagi Xitoy geologiya universiteti olimlari kelishdi.
Ular sayyoraning eng baland nuqtasi joylashgan Himolay tog‘ tizmasida sodir bo‘layotgan jarayonlarning kompyuter modelini yaratdi. Nature Geoscience jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, ko‘tarilish sababi tog‘ daryolari tubining o‘zgarishidir. Shu tufayli so‘nggi 89 ming yil ichida tog‘ 15-50 metrga o‘sdi.
Olimlar taxminan 90 ming yil oldin Nepalning Himolay tog‘larini kesib o‘tuvchi eng katta daryosi bo‘lgan Arun daryosining tubida sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘lganligini aniqlashdi. Natijada daryo Gangning eng yirik irmoqlaridan biri bo‘lgan Kosi daryosining keng tizimiga qo‘shildi.
Bu jarayon yuqorida qolgan irmoqlarning qurishiga va eroziyasiga olib keladi. Chunki birlashgan oqimlarda suv ko‘p bo‘ladi. Bu esa ko‘proq toshlar hamda cho‘kindilarni harakatga keltiradi. Mazkur jarayon, o‘z navbatida, qo‘shni yerlarning, jumladan, tog‘larning sirtini ko‘taradi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, Everest yiliga 0,16-0,53 mm ga “o‘sadi”. Hozirda uning balandligi 8849 metr. Shunga o‘xshash jarayonlar qo‘shni Lxosze va Makalu cho‘qqilariga ham ta’sir qiladi. Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, o‘sish jarayoni cheksiz davom etmaydi. “Bu daryo tizimi yangi muvozanat holatiga kelguniga qadar davom etadi”, deb ta’kidlaydi tadqiqot mualliflaridan biri professor Jinggen Dai.