Xitoy AQShdan Tayvanga qurollar yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi
Xitoy AQShning Tayvanga 330 million dollarlik harbiy bitimni ma’qullash qarorini qoraladi.
Xitoy Vashingtonga qat’iy norozilik bildirdi. Gap AQShning Tayvanga harbiy samolyotlar va ularni texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlarini sotish qarorini ma’qullashi haqida ketmoqda. Bitim qiymati 330 million dollarni tashkil qiladi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Lin Szyan Pekindagi muntazam matbuot anjumanida vaziyat haqida savolga javob berdi.
U AQShning Tayvanga harbiy sotuvlari «Bir Xitoy» tamoyilini buzishini aytdi. Lin Szyan «Uchta qo‘shma bayonot» ikki davlat munosabatlarining siyosiy asosi ekanligini eslatdi. Xitoy Vashingtonning bu asosga zarar yetkazadigan har qanday harakatlarini qoralaydi.
So‘zchi ta’kidlashicha, Tayvan masalasi Xitoy va AQSh munosabatlarida «birinchi qizil chiziq» bo‘lib qolmoqda. U AQShni o‘z rahbarlarining majburiyatlariga rioya qilishga va Tayvan mustaqiligini qo‘llovchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tayvanni harbiy yordam bilan mustahkamlash urinshlari jiddiy xavf tug‘diradi.
So‘zchi Xitoy suverenitetini, xavfsizligini va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
AQSh Mudofaa vazirligi 13 noyabrda Tayvanga F-16 qiruvchi samolyotlari, C-130 Hercules transport samolyotlari va IDF ko‘p maqsadli jangovar samolyotlarini sotish hamda noan’anaviy ehtiyot qismlar, zahira qismlar va sarflanadigan materiallarni yetkazib berishni ma’qulladi. Paketga texnik xizmat va uskunani qaytarish xizmatlari ham kiritilgan.
Bu Donald Trampning ikkinchi muddati davomida Vashington Tayvan bilan amalga oshirgan birinchi harbiy bitimidir.
Tayvan amalda 1949 yildan buyon o‘zini o‘zi boshqarib kelmoqda. Xitoy esa orolni o‘z hududi qismi deb hisoblaydi. Pekin «Bir Xitoy» tamoyilini ta’kidlab, Tayvan bilan harbiy aloqalarni qoralaydi.
Xitoy orolga qarshi harbiy bosimni kuchaytirmoqda. Pekin agar zarurat tug‘ilsa, birlashtirish uchun kuch ishlatishni inkor etmaydi.
