Xavi Sardor Rashidovga qo‘ng‘iroq qildi va...

Xavi Sardor Rashidovga qo‘ng‘iroq qildi va...

Avvalo legionerimiz Sardor Rashidov bilan bog‘liq vaziyatga chuqurroq kirib boradigan bo‘lsak, yaxshi bilasiz, ayni paytda Qatar Yulduzlar Ligasida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz hisoblanadi. 2019 yildan beri "Qatar SK" sharafini himoya qilib kelyapti. O‘tgan vaqt davomida Rashidov ushbu jamoa safida 16 ta uchrashuvda 5 ta gol urdi. Yaqinda esa Qatar Yulduzlar Ligasida yangi mavsumga start berildi. Dastlabki uchta turda esa, "Qatar SK" ikkita mag‘lubiyat va bir g‘alaba qozongan holda 8-o‘rinni egallab turibdi. Rashidov shubhasiz jamoasining asosiy ijrochilaridan biriga aylangan.

Yaqinda xabar berganimizdek, Sardorning ushbu klub bilan tuzgan shartnomasi tugagandi, ammo "Qatar SK" rahbariyati hamyurtimiz bilan muzokara olib borgan holda yangi shartnoma imzolagandi. Natijada hamyurtimiz yangi mavsumni ham yana "Qatar SK" safida boshlagandi. Biroq endilikda vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda.

Gap shundaki, Qatarning eng mashhur, kuchli va sovrindor klubi hisoblangan "Al Sadd" tomonidan Rashidovga jiddiy qiziqish bo‘lmoqda. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, klub bosh murabbiyi Xavi o‘zbekistonlik pleymeykerni o‘z jamoasida ko‘rishni juda-juda xohlamoqda. Shu maqsadda u hamyurtimizga qo‘ng‘iroq qilgan va futbolchimizni "Al Sadd"da ko‘rmoqchi ekanligini bildirgan holda taklif bilan chiqqan.

Bir qarashda bu legionerimiz uchun juda yaxshi chorlov. Chunki Xavidek mutaxassis unga bejizga qiziqmagan. Qolaversa, u Qatar chempionatida futbolchi sifatida faoliyat olib borganida ham bir necha bor Rashidov bilan to‘qnash kelgan va uning o‘yinlarini juda yaxshi eslab qolgan. Shu sababli Xavi yangi shakllantirayotgan jamoasida Sardor Rashidov rejasining bir qismiga aylanishini istamoqda. Hattoki ispaniyalik murabbiy legionerimizga qo‘ng‘iroq qilishdan tashqari unga iliq fikrlar bitilgan SMS ham yozgan. Bu borada Rashidovning o‘zi sports.uz saytiga ma’lum qildi va chindan ham "Al Sadd"dan taklif bo‘layotganini tasdiqladi.

Umuman olganda, Xavi Qatarga ko‘chib o‘tganidan beri Osiyo futboli va shu jumladan O‘zbekiston haqida ham yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lib bormoqda. Chunki u bir necha bor klublarimizga qarshi ham o‘ynagan. Ilgari esa uning "Paxtakor" yetakchisi Jaloliddin Masharipovga qiziqish bildirgani haqidagi xabarlar ham tarqalgandi. Ammo "Paxtakor" rasmiylari "Al Sadd"dan rasmiy taklif bo‘lmagani haqida aytishgandi. Lekin Sardor Rashidovga taklif bilan chiqqani ishonchli. Buni legionerimiz ham tasdiqlagani haqida boya aytdik.
 
Xo‘sh, endi voqealar rivoji qanday tus oladi? "Qatar SK" futbolchimizni qo‘yib yuboradimi? Unutmaslik kerakki, bunday yetakchi ularning o‘zlariga ham kerak. Bu yog‘i esa muzokaralarning qanday kechishiga bog‘liq. Buning ustiga "Al Sadd" ayni paytda markazlashgan holda o‘tkazilayotgan Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini davom ettirmoqda. Bizga ma’lum bo‘lishicha, OCHLdagi o‘yinlarini o‘tkazib bo‘lishgach, Rashidov masalasi hal etilishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!