Xavf-xatar haqida afsona
Dunyoda xavfsiz narsaning o‘zi yo‘q. Kundalik yangiliklarda odamlar sira kutilmagan holatlarda hayotdan ko‘z yumgani haqida ko‘p gapiriladi.
Misol uchun, bir xabarda G‘arbdagi yangi mehmonxona menedjeri mijozlarga derazaning qanchalik pishiqligini ko‘rsatmoqchi bo‘lib, o‘zini unga urgan va osmono‘par binoning yuqori qavatidan tushib ketgani aytilgan edi. Demak, deraza unchalik xavfsiz emas ekan.
Bir dona gamburger yeb turib, jon berganlar haqida ham xabarlar berilgan.
Afsonaga o‘xshaydi.
Samolyot xavfsizmi? Albatta, xavfli. Kezi kelganda, fojiali darajada xavfli. Lekin aviahalokatlar tufayli qancha odam halok bo‘lgan-u yo‘l-transport hodisalari qancha odamni hayotdan olib ketgani to‘g‘risidagi statistika samolyotning mutlaqo xavfsiz ekanini isbotlaydi. Chunki o‘rtadagi farq minglab nisbat bilan o‘lchanadi.
Shu bilan birga, odamlar avtomobil xavfli ekan, deb undan umuman voz kechib qo‘ymagani ham rost. Avtomobil juda xavfsiz. Halokatlar esa, ob’ektiv va sub’ektiv inson omiliga, ba’zan tabiat injiqliklariga asoslanadi.
Balandda ishlayotgan kranchi ham, soatiga 500 kilometr tezlik bilan yuradigan poyezd mashinisti ham, umuman, har qanday inson shaxsiy hayot va ishda o‘zini xavfsiz sezadi.
Bu afsona emas.
Lekin hayot baribir xavfsiz emas. Kishi shifokor noto‘g‘ri dori belgilashi tufayli yoki arzimagan janjaldan asabiylashish oqibatida bir zumda jon berish mumkin.
Bu ham afsona emas.
Hamma gap ehtiyot choralarida. Ehtiyotini qilgan odam o‘zgani ham avaylaydi. Masalan, koinotga bir-ikkita fazogirni yuborish uchun minglab olim yillar davomida ishlaydi. Har qanday texnikadan inson zarar ko‘rdimi, injenerlar, albatta, barcha nuqsonlarni topib, bartaraf etadi. Binolar qulagandan yoki yong‘in sodir bo‘lib, odamlar otash ichida qolib ketgandan keyin qurilishlardagi barcha me’moriy va muhandislik kamchiliklari aniqlanadi va kelajakda hisobga olinadi.
Shu tariqa hayot insoniyatni xatolarini tuzatib borib, mukammal bo‘lishga o‘rgatib keladi.
Atom elektr stansiyalari anchadan buyon odamzotga xizmat qiladi. Dunyoda yuzlab AESlar ishlab turibdi. Bu stansiyalarga har kuni qatnab ishlaydiganlar, AESlarning yon-atrofida yashaydigan aholi radiasiyaning zararidan hech qo‘rqqan emas – ishdan bo‘shab ketgani yoki ko‘chib ketgani yo‘q. Sababi, stansiyaning xavfsiz ekaniga ishonadi.
To‘g‘ri-da, modomiki, inson urandek xavfli unsurda ishlaydigan elektr stansiyasi qurmoqchi ekan, avvalo, radiasiyani jilovlaydi, ehtimoldagi boshqa xavf-xatarning oldini oladi. Evaziga millionlab tonna yoqilg‘ini tejaydi. Shu tariqa AESlar atmosferani ham “tinch qo‘yadi”. Tutuni bo‘lmaganidan keyin nima zarari bo‘lsin!
Shu ma’noda, yurtimizda AES qurilishi haqidagi yangilik ayrimlarni o‘ylantirib qo‘yganining sabablaridan biri xavf-xatar haqidagi afsonalarga haddan ortiq ishonib qolganlik bo‘lsa, ehtimol. Aslida chuqurroq fikr yuritilsa, hech kim o‘z-o‘zidan katta bir majmuani qurib qo‘ymoqchi emas. Avvalo, uning ilmiy, iqtisodiy, logistik va ko‘plab boshqa asoslamalari ishlab chiqiladi.
Deylik, tish-tirnog‘igacha qurollangan maxsus xizmat xodimi maxsus operasiyasiga borish uchun avtobusga minmaganidek, AES qurmoqchi bo‘lganlar ham yosh bolaning qo‘liga granata berib qo‘yadigan odamlar emas.
Ana bu afsona emas.
Insoniyat daryolarda damba quradi. Bu xavfli emasmi? Juda xavfli-da. To‘g‘on yorilib ketsa, shaharu qishloqlarni suv bosadi, minglab odam halok bo‘ladi, qancha katta maydondagi ekin nobud bo‘ladi. Yerlar ancha vaqt yaroqsiz holda qoladi.
Lekin dambani, jo‘nroq aytganda, ko‘chadan kelgan odamlar loyihalashtirib, barpo etmaydi. Qurgan odam ishni pishiq-puxta qiladi. Natijada vegetasiya davrida qishloq xo‘jaligi ekinlari suv ichadi, gidrogeneratorlar elektr beradi, o‘z tannarxini qoplaganidan keyin umuman “suv tekinga” ishlaydi. Qolaversa, to‘g‘on to‘plagan suv bo‘yi dam olish maskaniga aylanadi, sohillarda turizm infratuzilmasi rivojlanadi.
O‘rni kelganda aytish mumkin, masalan, Toshkent viloyatidagi “Chorvoq” GESidan biron kishi xavotirlanmaydi.
Bu afsona emas.
AES ham xuddi shuningdek – bexavf, tannarxini qoplaganidan keyin “suv tekinga” xizmat qiladi. Bizda uran konlari bor ekan, quruqdan-quruq xomashyoni sotib, sivilizasiyaning AESdek ne’matidan foydalanmaslik, qaysidir ma’noda, uzoqni ko‘ra bilmaslikdir.
Biz qadimiy me’moriy obida va qadamjolarimiz bilan bir qatorda metro, dunyodagi eng baland o‘z “hamkasblari” orasida viqor bilan turgan teleminora, ulkan sanoat inshootlari va ko‘plab boshqa yutuqlarimiz bilan faxrlanamiz. Bunday faxriy majmualarimiz yana bir eng noyobi bilan boyiydigan bo‘lsa, buning uchun faqat quvonish kerak.
Xavf-xatar haqida esa hamisha afsonalar ko‘p bo‘lgan.
O‘zA
