Giyohvandlik — inson ruhini so‘ndiruvchi illat...
Zamonaviy dunyoda shunday bir illat borki, u sog‘likni ham, ma’rifatni ham, umuman olganda, barcha insoniy qadriyatlarni bir zumda vayron qilib yuboradi. Bu — giyohvandlik illati.
Aynan shuning uchun ham Jinoyat kodeksining 276-moddasiga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Giyohvandlik inson ruhini so‘ndiradi, u oilaga mehr-muhabbatni, ota-onani, yaqin og‘aynilarni, hayot mazmunini his etmay qo‘yadi. Ana shu ruhiy qaramlik uni jinoyatga yetaklaydi: pul uchun na o‘g‘irlikdan, na firibgarlikdan, na xiyonatdan — hech narsadan tap tortmaydi.
Sud amaliyotidan bir misol keltirsak. Otabek Azimov (ism shariflar shartli) ilgari JK 273-moddasi 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlanib, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan yashash joyida ko‘p miqdordagi 19,68 gramm gashish giyohvandlik vositasini o‘zining iste’moli uchun saqlab kelayotgani aniqlangan.
Sud jarayonida Otabek Azimovning sudda, o‘ziga e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqror bo‘lib, o‘sha kuni uyida IIB xodimlari kelib, tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim bilan tanishtirishib, o‘tkazilgan tintuv davomida onasiga tegishli bo‘lgan kulrang charmdan ishlangan ayollar sumkasini yon cho‘ntagidan gashish giyohvandlik moddasini topishganini, so‘ng yana bir nechta bo‘lak gashishlarni topishgani, ushbu gashish moddasini o‘zining iste’moli uchun saqlab kelayotgani, chunki sog‘ligi yaxshi emasligi, uni iste’mol qilmasa mazasi qochib qolishi, hozirda qilgan ishidan pushaymonligi, boshqa bunday holat takrorlanmasligini, o‘ziga nisbatan yengillik so‘rab ko‘rsatma bergan.
Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Otabek Azimovning ilgari JK 273-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan sudlanib, 19,68 gramm ko‘p miqdordagi gashish giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda saqlab kelganlikda ifodalangan jinoiy qilmishi JK 276-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilingan.
Sud, sudlanuvchining aybiga iqror bo‘lib bergan ko‘rsatuvini hamda guvohlarning ko‘rsatuvlarini, taraflarning muzokara nutqlari, sudlanuvchining oxirgi so‘zini tinglab, jinoyat ishi materiallarini har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib sudlanuvchi O. Azimovni Jinoyat kodeksining JK 276-moddasi 2-qismining “a,b” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganganlikda aybli deb topib, qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.
Bu hayotiy misoldan ham ko‘rinib turibdiki, giyohvandlik — bu qaysidir oilaning muammo emas, balki butun jamiyatning xavfsizligi, sog‘lom avlod va millat kelajagi, umuman olganda, insoniyat hayoti uchun jiddiy tahdiddir.
Nodirjon Raimqulov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining raisi
