WhatsApp’dagi xatolik sababli isroilliklar barcha iPhone va Android-smartfonlarga kira olishgan!
Dunyo bo‘yicha ommalashgan WhatsApp messenjeri himoyasida kuni kecha o‘ta jiddiy zaiflik aniqlandi. Ya’ni, biror foydalanuvchiga shu ilova orqali qo‘ng‘iroq qilib turib, uning smartfoniga ziyonkor dastur o‘rnatish mumkin ekan!
WhatsApp dagi ushbu tirqish orqali kiberjinoyatchilar messenjer foydalanuvchilariga bildirmasdan, ularning smartfonlaridagi turli ma’lumotlariga kirishlari mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni, xakerlar sizga ushbu ilova orqali qo‘ng‘iroq qilishlari, garchi qo‘ng‘iroqni qabul qilmasangiz ham undagi zaiflik orqali smartfoningizga josuslik dasturini o‘rnatishlari mumkin ekan.
Kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarning aniqlik kiritishlaricha, Isroilning NSO Group kompaniyasi allaqachon WhatsApp himoyasidagi mazkur tuynuk dan foydalanib kelayotgan ekan. Mazkur kompaniya o‘zi aynan josuslik dasturlarini ishlab chiqarishi bilan mashhur.
Bundan tashqari, mutaxassislar NSO Group foydalangan josuslik utilitasini ham tekshirishgan. Aniqlanishicha, xakerlar messenjer xatoligi sababli iPhone va Android-smartfonlarning mikrofoni hamda kamerasiga ham kira olishgan. Telefonlardagi yozishmalar hamda qo‘ng‘iroqlarni kuzatish, boshqa shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rish imkoniga ham ega bo‘lishgan.
Qo‘ng‘iroqlar funksiyasidagi mazkur nuqson may oyining boshidayoq aniqlangan bo‘lib, messenjer dasturchilari tomonidan kuni kecha bartaraf etilgan. Yuqoridagi kabi xavflardan xoli bo‘lish uchun WhatsApp ni so‘nggi versiyasigacha yangilab qo‘yishni tavsiya etishmoqda.
Manba: terabayt.uz