Yoshlar Ekologiya qo‘mitasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi
13 fevral kuni Toshkent shahridagi 31-maktab va “Oxbridge” xalqaro maktabi o‘quvchilari, shuningdek, Farg‘ona viloyati yosh ekologlar harakati a’zolari, yosh eko-faollar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan har oyning oxirgi juma kuni yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilindi. Qo‘mita ekologiyaga befarq bo‘lmagan yoshlar uchun doimo ochiq.
Tashrif davomida yoshlar Qo‘mita huzuridagi O‘rmon agentligi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi va Situasion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. O‘quvchi yoshlarga ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish va parvarishlash, yashillik darajasini oshirishning ahamiyati, shuningdek, iqlim o‘zgarishlariga qarshi chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tabiatga, flora va fauna vakillariga yaxshi munosabatda bo‘lish, duch kelgan joyga chiqindi tashlamaslik va bu kabi ekologik huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, umuman, ekologiyaga befarq bo‘lmaslik zarurligi tushuntirildi.
Qolaversa, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga bag‘ishlangan, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiladigan kitoblar sovg‘a qilindi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda ekologik ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida ekomadaniyatni shakllantirish, yoshlarning atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida darslik va qo‘llanmalar tarqatilmoqda hamda qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib borilmoqda.
