Vens: “Rossiya va Xitoy Yevropa uchun asosiy tahdid emas”

AQSh Rossiya va Xitoy tomonidan qit’aga bo‘layotgan tahdiddan ko‘ra, Yevropaning "ichkarisidan kelayotgan xavf"dan ko‘proq xavotirda. Bu haqda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Amerika vise-prezidenti J.D.Vens aytib o‘tdi.
“Evropaga nisbatan meni eng ko‘p tashvishga solayotgan tahdid bu Rossiya yoki Xitoy emas. Men ichkaridan kelayotgan tahdid — Yevropaning eng asosiy qadriyatlaridan chekinishidan xavotirdaman”, dedi Vens.
Vise-prezident Ruminiyada Rossiya aralashuvi bahonasida konstitusiyaviy saylovlar bekor qilinganini misol qilib keltirdi. Shuningdek, u Yevropa davlatlarida senzura va migrasiya siyosatini tanqid qildi. “Bugun Yevropaga qaraganimda, “Sovuq urush” g‘oliblarining ba’zilari qanday ahvolga kelib qolganini ko‘rib hayron bo‘laman”, — deya xulosa qildi Vens.
2024 yil oktyabr oyida Yevropa Ittifoqining mudofaa bo‘yicha birinchi komissari lavozimiga nomzod Andrius Kubilius blok Rossiya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik uchun harbiy salohiyatini oshirishi va “olti-sakkiz yil ichida harbiy to‘qnashuvga” tayyor turishi kerakligini aytdi.
Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa ham Yevropa Ittifoqining harbiy xarajatlarini oshirish tarafdori.
Bu yil Myunxen konferensiyasida Qo‘shma Shtatlardan J.D.Vans, Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya hamda Ukraina bo‘yicha maxsus vakil Keyt Kellogg ishtirok etmoqda. Rossiya vakillari Myunxen konferensiyasiga 2022 yildan beri kelmayapti.