Vengriya Bosh vaziri: “Evropa Ittifoqi iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutmoqda”
Bugungi norasmiy Yevropa Ittifoqi sammiti Yevropa iqtisodiyotining pasayishi tufayli chaqirildi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu haqda Bryussel yaqinidagi Alden Bissen qal’asida bo‘lib o‘tgan sammitdan oldin ma’lum qildi.
"Bryusselda Yevropa raqobatbardoshligini yo‘qotayotgani aytilmoqda. Biz Yevropa iqtisodiyotining pasayib ketmasligi, aksincha, yana o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash uchun nima qilish kerakligini muhokama qilish uchun yig‘ildik", dedi Orban.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushga tezda chek qo‘yish iqtisodiy tiklanishning kalitidir. "Birinchidan, urush iqtisodiyot uchun zararli, shuning uchun tinchlikka imkon qadar tezroq erishish kerak. Ikkinchidan, agar sizda pul bo‘lsa va Yevropa Ittifoqida pul bo‘lsa, uni boshqa joyga yubormang. Masalan, uni Ukrainaga yubormang", dedi u.
Orban shuningdek, Yevropa kompaniyalarining raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlash uchun energiya narxlarini pasaytirish zarurligini ta’kidladi. "Biz shunday qilishimiz kerak, bu juda oddiy", deb qo‘shimcha qildi bosh vazir.
Vengriya bosh vaziri har bir mamlakat Vengriya kabi o‘z suverenitetini “tahdidlar yoki shantaj”larga berilmasdan himoya qilishi kerakligini ta’kidladi. U shu hafta boshida Yevropa Ittifoqi hukumatlariga yuborilgan va a’zo davlatlarning veto huquqlarini chetlab o‘tish ehtimoli haqida so‘z yuritilgan xatga izoh berdi.
