Vazirlik ogohlantirdi: "Yakshanba kuni selektor o‘tkazmang"

Vazirlik ogohlantirdi: "Yakshanba kuni selektor o‘tkazmang"

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali hududiy hokimliklar hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan Ish vaktidan tashkari vaktlardagi va ayrim hollarda dam olish kunlari yig‘ilishlar tashkil etilayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Avval ham xabar berilganidek, vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tegishli hokimiyat, vazirlik, idora va tashkilotlarga xodimlarni ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlari ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

Shu bilan birga, vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan monitoringlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda barcha ishchi xodimlarga shuni eslatmoqchimiz, ish vaktidan tashkari vaktlardagi yig‘ilishlar, videoselektorlarga qatnashish bu ixtiyoriy hisoblanadi hamda xodimlar yig‘ilishlarga qatnashmagan taqdirda ish beruvchi tomonidan ularga biron bir intizomiy jazo qo‘llash mumkin emas.

Davlat mehnat isnpeksiyasiga shu kunga qadar videoselektor yoki yig‘ilishlarda ishtirok etgan xodimlar tomonidan majburan ishtirok qilayotganliklari haqida murojaatlar kelib tushmagan.

Hurmatli yurtdoshlar! Yuqoridagi nazarda tutilgan mehnat qonunbuzilishlari yuzasidan murojaat qoldirish hamda qo‘shimcha tushuntirish olish maqsadida vazirlikning 71-200-06-00 ishonch telefoniga, 1176 qisqa raqamiga, www.dmi.mehnat.uz saytiga hamda vazirlikka yozma ravishda murojaat qilishingiz mumkin.

So‘rovingizga ko‘ra murojaat qilgan shaxs haqidagi ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

Xurmatli ish beruvchilar yana bir bor ogoxlantiramiz !

Ish vaqtidan tashqari vaqtda, dam olish va bayram kunlarida xodimlarni ishga jalb etish holatlari bo‘yicha fuqarolar tomonidan kelib tushadigan murojaatlar o‘z tasdig‘ini topsa hamda qonun hujjatlarining buzilish holatlari aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: Mehnat Kodeksning 157-moddasiga muvofiq ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.

Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Manba: mehnat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!